Bogʻbonin unutmas nazm bogʻlari
Foto: Халқ сўзи
Qisqa umr koʻrishiga qaramay, milliy adabiyotimiz uchun arzirli ijodiy meros qoldirgan Usmon Nosir haqida unga zamondosh shoir Turob Toʻla shunday taʼrif bergan edi: «Usmon sheʼriyatimizga shamolday kirib keldi. Balki boʻronday! U shunday toʻpolon va toʻlqin bilan keldiki, uncha-muncha sheʼriy uslub va ijodni toʻs-toʻs qilib yubordi. Uni oʻzimizda «Oʻzbekning Lermontovi», Moskva gazetalarida “Sharqda Pushkin paydo boʻldi” deb yozishdi».
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yilning sentyabr oyida Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida otashin shoirni yodga olib, “Usmon Nosir ayni ijodiy kuch-quvvatga toʻlgan 25 yoshida qamalib, qatagʻon qilindi. Chunki mustabid tuzum bunday millatparvar, vatanparvar insonlarni oʻzining eng ashaddiy dushmani, deb hisoblar edi. Shuning uchun ham shoir umrini qamoqxonalarda azob-uqubatda oʻtkazib, 1944-yili 32 yoshida vafot etadi. Kelgusi yili yurtimizda Usmon Nosir tavalludining 110-yilligi munosib nishonlanadi. Shu munosabat bilan Usmon Nosirning hayoti va ijodini yanada kengroq oʻrganish, asarlarini nashr qilish, jumladan, poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida haykalini hamda Rossiyaning Kemerovo oʻlkasidagi shoir dafn etilgan maskanda yodgorlik oʻrnatish koʻzda tutilmoqda”, degan edi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 10-fevraldagi “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori oʻzbek sheʼriyatiga yangicha oqim olib kirib, unga oʻz hissasini qoʻshgan umrboqiy hamyurtimiz ijodini oʻrganish, tadqiq etish, nomini abadiylashtirishda yangi davr ochdi. Joylarda qaror ijrosi doirasidagi amaliy ishlar boshlab yuborildi. Kecha Namangan shahridagi Adiblar xiyobonida viloyatdagi olimlar, ijodkor va ziyolilar, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari ishtirokida tashkil etilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻlmas shoirning hayoti va ijodiga bagʻishlandi.
— Hamon sheʼriyat muxlislari qalbida navqiron siymosi bilan yashab kelayotgan Usmon Nosir “unutmas bogʻim...” deb yozganida naqadar haq boʻlgani guvohi boʻlib turibmiz, — deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyat boʻlimi rahbari Ziyoviddin Mansurov. — Bugungi muloqot shoir tavalludiga bagʻishlangan keng qamrovli tadbirlarning boshlanishi. Oldinda sheʼriyat ixlosmandlarini, butun namanganliklarni mazkur yoʻnalishda unutilmas maʼrifiy tadbirlar kutib turibdi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Buyuk shoirning Samarqanddagi tabarruk izlari
- Urush, jasorat va sport: hafta davomida dunyo eʼtiborini tortgan 10 ta surat
- “Humans” Oʻzbekistondan yuzlab million dollar zararni qoplashni talab qilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring