Bobotogʻliklar hayoti butkul oʻzgardi

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Bobotogʻ — mamlakatimizning eng soʻlim goʻshalaridan biri. U Surxondaryo viloyatining sharqidagi togʻ tizmasi boʻlib, Oʻzbekiston va Tojikiston chegarasida, Surxondaryo va Kofarnihon daryolari oraligʻida shimoli-sharqdan janubi-gʻarbga tomon Amudaryo sohiligacha choʻzilgan. Uzunligi qariyb 125 kilometr, eni esa 30-40 kilometrdan iborat. Eng baland choʻqqisi 2290 metrni tashkil etuvchi Zarkosa togʻi. Asosan paleogen va yura davri ohaktoshlari, gil, alevrolit, qumtoshlardan tarkib topgan.
Bobotogʻ massivining boshi va oxirigacha 45 kilometr yoʻl bosib oʻtish lozim. Tuman markazidan qariyb 100 kilometr olisdagi hudud toʻrtta — “Yangiobod”, “Toltugʻay”, “Oqmachit” va “Bobotogʻ” MFYdan tarkib topgan. U yerdagi baʼzi xonadonlar tarqoq joylashgan. Uzoq yillar eʼtibordan chetda qolgan bu massivda qalbida shukronalik tuygʻusi mustahkam, sabr-qanoatli odamlar yashaydi. Ularning ham munosib turmush kechirishlari uchun davlatimiz alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatmoqda.
Prezidentimizning 2021-yil 17-fevraldagi “2021 — 2023-yillarda Surxondaryo viloyati Uzun tumani Bobotogʻ hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bobotogʻliklar hayotini butkul oʻzgartirdi. Odamlar bugungi hayotidan rozi boʻlib yashashmoqda.
— Soʻnggi yillarda bu yerlarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari hatto tushimizga ham kirmagan, — deydi Yangiobod mahallasi faoli Faxriddin Joʻrayev. — Ilgari bobotogʻliklardan hol soʻraydigan biror-bir tashkilot yoki masʼullar boʻlmasdi. Yurtboshimizdan minnatdormiz, biz togʻliklar uchun katta imkoniyatlar yaratib bermoqda. Hatto viloyat rahbarining shaxsan oʻzi kelib, issiq-sovugʻimizdan xabar olyapti, yuzma-yuz muloqotlarda muammolarimizni oʻrganyapti. Bunyodkorlik ishlarini nazoratga olib, yangi gʻoyalari bilan ularni yanada boyityapti. Tadbirkorlik qilaman deganlarga imtiyozlar berilyapti. Zamonaviy maktab binolari, maktabgacha taʼlim muassasalari barpo etilib, farzandlarimizning hech kimdan kam boʻlmay ulgʻayishi uchun zarur qulaylik yaratilmoqda. Tibbiy xizmat koʻrsatish rivojlantirilyapti. Mahalla idorasi qurib berildi. Ichimlik va oqova suvdan muammomiz yoʻq. Yoʻllarimiz ravon, chirogʻimiz hamisha yoniq. Hatto gaz balonlari bilan ham taʼminlandik.
Yaqin yillarda ham aholi qishin-yozin togʻ etaklaridan archa, pista, zarang kabi daraxtlarni yoqilgʻi uchun kesishga majbur boʻlishardi. Bu ishlari bilan tabiatga koʻp zarar yetkazsalar-da, aslida odamlarning boshqa chorasi ham yoʻq edi. Endi bu kunlarni bobotogʻliklar afsus bilan eslashida “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filialining ham xizmati katta boʻlmoqda.
— Viloyatimizda isteʼmolchilarni davlat-xususiy sheriklik asosida suyultirilgan gaz bilan taʼminlash joriy etilgan, — deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filial rahbari oʻrinbosari Feruz Atamurodov. — Hududiy filialimiz tomonidan tadbirkorlar bilan hamkorlikda davlat-xususiy sheriklik asosida gaz toʻldirish shoxobchalari qurilmoqda. Masalan, “Uzuntumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi tomonidan 51 ta mahallada yashaydigan 37 ming 179 isteʼmolchining barchasi suyultirilgan gaz bilan taʼminlangan. Joriy yilning oʻtgan oylarida tuman isteʼmolchilarga gaz ballonlari orqali qariyb 4 ming 712 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi. “Bobotogʻ” gaz toʻldirish shoxobchasi qayta modernizatsiya qilinib, xizmat koʻrsatish sifati yanada oshirildi. Shoxobcha 3 mingdan ortiq isteʼmolchiga xizmat koʻrsatib kelmoqda. Bu yerda 9 nafar kishi ish bilan taʼminlangan. Shoxobchada bir kunda 4-6 tonna, bir oyda esa 50-55 tonna suyultirilgan gaz toʻldirilgan gaz ballonlari belgilangan muddatda isteʼmolchilarga yetkazilmoqda. Xarid uchun fuqarolar ID toʻlov kartasi bilan taʼminlangan.
Yurtimizning chekka va olis goʻshasida yaratilgan bunday sharoit odamlarning xalq manfaatini taʼminlash yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar va yanada obod, farovon hayotga ishonch hissini mustahkamlamoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring