BMT tashkiloti Qoraqalpogʻistonda oʻtkazilgan Milliy “Salomatlik marafoni”ni qoʻllab-quvvatladi

15:49 07 Oktyabr 2025 Jamiyat
154 0

Foto: «Xalq soʻzi»

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) Qoraqalpogʻiston Respublikasida Milliy salomatlik marafoni doirasida Nukus shahridagi Yoshlar markazida maktab oʻquvchilari uchun trening tashkil etdi.

Tadbir FAOning “Maktab ovqatlantirish dasturini sinovdan oʻtkazish orqali oziq-ovqat xavfsizligi va sogʻlom ovqatlanishni yaxshilashni qoʻllab-quvvatlash» loyihasi doirasida oʻtkazildi. Treningning maqsadi bolalarda sogʻlom va xavfsiz ovqatlanish koʻnikmalarini shakllantirish, shuningdek, muvozanatli ovqatlanish va atrof-muhitga nisbatan masʼuliyatli munosabatni targʻib qilishdan iborat edi.

FAOning oziq-ovqat xavfsizligi va sogʻlom ovqatlanish boʻyicha milliy maslahatchilari 3-4-sinf oʻquvchilari uchun interaktiv mashgʻulotlar oʻtkazishdi. Oʻyinlar va muhokamalar orqali bolalar makro va mikronutriyentlar, mavsumiy mahsulotlarni isteʼmol qilishning foydasi, hamda toʻgʻri ovqatlanishning sogʻliq va atrof-muhitga taʼsiri haqida bilib olishdi.

Trening “Sogʻligʻingizni va atrof-muhitni asrash uchun qanday ovqatlanish kerak” nomli oʻquv qoʻllanmasiga asoslandi. Qoʻllanma Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Sanitariya, gigiyena va kasbiy kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan FAO loyihasi doirasida ishlab chiqilgan. Shuningdek, bolalar uchun moslashtirilgan va rang-barang “Oziq-ovqat xavfsizligining besh kaliti” nomli plakat ham foydalanishga topshirildi.

Materiallarni tayyorlashdan avval FAO maslahatchilari Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi beshta maktabda oʻquvchilar oʻrtasida soʻrov oʻtkazib, ularning bilim darajasini baholadilar va materiallarni yosh xususiyatlariga moslashtirdilar.

Trening davomida bolalar qisqa FAO videoroliklarini tomosha qildilar, viktorinalarda ishtirok etishdi va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandilar. Trenerlar bolalarni sogʻlom turmush tarziga rioya qilishga va foydali ovqat isteʼmol qilishga undab, “Sogʻlom ovqatlanish – bu kuch, energiya va oʻzingiz hamda sayyorangizga gʻamxoʻrlikdir!”, deya taʼkidlashdi.

Ushbu tashabbus FAOning Oʻzbekistonda maktablarda xavfsiz va sogʻlom ovqatlanishni targʻib etish, shuningdek, yosh avlod oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan Milliy sogʻlomlik marafonini qoʻllab-quvvatlash borasidagi keng koʻlamli saʼy-harakatlarining bir qismidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер