Birinchi aviaforum Buxoro aeroporti faoliyati rivojiga qoʻshimcha turtki berdi

10:56 21 Fevral 2020 Welcome to uzbekistan
1441 0

Toshkent shahridagi “Oʻzekspomarkaz” koʻrgazmalar maydonida “Uzbekistan Airports, Aviation&Logistics Forum” (UAALF-2020) birinchi xalqaro aviatsiya forumi yuqori darajada boʻlib oʻtdi. Uning ikkinchi kuni ham qizgʻin tarzda olib borildi. Binobarin, mazkur xalqaro forum davomida Buxoro viloyati hokimligi hamda “Buxoro xalqaro aeroporti” vakillari tomonidan xalqaro aviakompaniyalarni jalb qilish va kelgusida oʻzaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish maqsadida bir qator koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, forum mobaynida qadim Buxoro viloyatining maxsus pavilyoni koʻplab xorijiy soha vakillarini maftun etish barobarida oʻz imkoniyatlarini ham keng namoyish eta oldi. Xususan, turizm masalalari boʻyicha Buxoro viloyat hokimi oʻrinbosari Botirjon Shaxriyorov, “Buxoro xalqaro aeroporti” direktori Tohir Baxronov va oʻrinbosari Sodiq Shukurovlar hamda Birlashgan Arab Amirliklarining “Al-Hidaya Global Group”, Rossiya Federatsiyasining “IFly”, Qozogʻiston Respublikasining “Air Astana”, Latviya davlatining “SIA Fly&Flight”, Shveysariyaning “Aerol Alliance", qolaversa, mamlakatimizdagi “Silk Road Express” va “Easy Booking" kabi bir qator taniqli kompaniyalari vakillari oʻrtasida hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi.

Taʼkidlash joizki, quyida olib borilgan muzokaralarda Rossiya Federatsiyasining taniqli “IFly” aviakompaniyasi bilan hamkorlikda “Moskva-Buxoro-Moskva”, “Buxoro-Vladivostok-Buxoro”, “Jakarta-Buxoro-Jakarta” hamda Qozogʻiston Respublikasining “Air Astana” aviakompaniyasi bilan hamkorlikda esa “Nur-Sulton-Buxoro-Nur-Sulton” yoʻnalishlaridagi yangi toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni yoʻlga qoʻyish, binobarin, sayohatchi va ziyoratchilarni tashish, xalqaro charter reyslarni, ayniqsa, texnik qoʻnishlarni amalga oshiradigan aviakompaniyalarni jalb qilish, yoʻlovchilar va ularning yuklarini onlayn roʻyxatdan oʻtkazish uchun moʻljallangan maxsus ustunlarni 3 oy mobaynida oʻrnatish va mamlakatimizdagi barcha aeroportlarga parvozni amalga oshiradigan aviatashishlarni sotish uchun agentlik shartnomalarini tuzish kabi turli mavzular borasida muhokamalar olib borildi.

"Oʻylaymizki, bu kabi xalqaro aviakompaniyalar oʻrtasidagi muzokaralar “Buxoro xalqaro aeroporti” faoliyatini yuqori choʻqqilarga olib chiqib, salohiyatli sharif shaharning turizm sohasi rivoji yoʻlida muhim omil sanaladi" deyiladi Buxoro viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti axborot xizmati xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?