Beshariq tumanida qariyb 7 million dollarlik quritilgan meva eksport qilindi

Fargʻona viloyatining qoʻshni Tojikiston bilan chegara hududda joylashgan Beshariq tumani azaldan mevali bogʻlari bilan mashhur. Keyingi yillarda tumanda eski va samarasiz bogʻlar oʻrnida intensiv mevazorlar tashkil etilib, jahon bozorida xaridorgir va eksportbop mahsulotlar yetishtirish hajmi ortib bormoqda.
Ayni jarayonda tabiiy, ekologik toza oʻrik, olma, behi, shaftoli, olxoʻri, xurmo mevasini qadoqlangan holda eksport qilishga ham jiddiy eʼtibor qaratilyapti. Bu kabi dasturlar ijrosi qishloq xoʻjaligida qoʻshimcha qiymat zanjiri yaratish, yuqori daromadli yangi ish oʻrinlari tashkil etishda muhim ahamiyatga ega.
Beshariq tumanining “Rapqon” MFYda Jahongir Madazimov rahbarligidagi oilaviy korxona bundan ikki yil oldin oʻz faoliyatini boshlagan edi. Korxonada aholidan quruq mevalar sotib olinib, qayta ishlangan holda tayyor mahsulotlar shaklida qadoqlanadi. Shu tariqa mahsulotning salmoqli qismi xorijiy davlatlarga eksport qilinadi.
Korxonada 20 ta doimiy ish oʻrni yaratilgan. Shuningdek, kooperatsiya asosida 40 ga yaqin oila mevalarni qadoqlash ishlariga jalb etilgan. Bugungi kunda oʻrik, mayiz va boshqa turdagi mahsulotlar qayta ishlanib, korxona brendi ostida xorijdagi yirik savdo tarmoqlariga yetkazib berilmoqda.
— Istiqbolli biznes-rejaga koʻra, Xitoy, Yevropa davlatlaridan zamonaviy ishlab chiqarish, qadoqlash va saralash texnologiyalari olib kelishni rejalashtirganmiz, — deydi tadbirkor Jahongir Madazimov. —Shu tariqa energiya tejamkor jihozlar oʻrnatish hisobiga sifatni oshirish va tannarxni kamaytirish koʻzda tutilgan.
Aytish joiz, bugungi kunda Beshariq tumanida mevani qayta ishlab, qadoqlashga ixtisoslashgan 11 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Bu korxonalar tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida qariyb 7 million dollarlik quritilgan meva eksport qilinishiga erishildi.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring