“Barselona” ishtirok eta olmaydigan turnirning mukofot jamgʻarmasi 1 milliard AQSH dollar etib belgilandi

10:42 27 Mart 2025 Sport
206 0

“FIFA Club World Cup 2025” musobaqasi uchun 1 milliard AQSH dollari miqdoridagi rekord mukofot puli ajratiladigan boʻldi. Ushbu taqsimot modeli FIFA Kengashi va Yevropa klublar assotsiatsiyasi kabi asosiy hamkorlar bilan muhokama qilingan. FIFA prezidenti Janni Infantinoning taʼkidlashicha, musobaqa formati 7 ta uchrashuvdan iborat guruh va pley-off tizimi asosida oʻtkaziladi.

Yangi tizim boʻyicha gʻolib jamoa 125 million dollargacha daromad olish imkoniga ega boʻladi. Shu bilan birga, 250 million dollar miqdoridagi solidarlik dasturi orqali dunyo boʻylab klub futboli rivojiga hissa qoʻshiladi.

Eʼtiborli jihati shundaki, FIFA ushbu musobaqa orqali hech qanday mablagʻni oʻzda saqlab qolmaydi va barcha daromad klublar oʻrtasida taqsimlanadi. Shu orqali tashkilot futbolning haqiqatan ham global sport turiga aylanishiga yordam bermoqchi.

Musobaqa uchun umumiy mukofot puli 1 milliard AQSH dollarni tashkil etadi. Buning 475 million dollari klublarning musobaqadagi sport natijalariga, 525 million dollari esa qatnashuv uchun taqdim etiladi.

Sport natijalariga qarab belgilangan mukofotlar quyidagicha: guruh bosqichida gʻalaba uchun 2 million dollar, durang uchun 1 million dollar, 1/8 finalga chiqqanlar 7,5 million dollar, chorak final — 13,125 million dollar, yarim final — 21 million dollar, finalga chiqqan jamoa — 30 million dollar va gʻolib klub — 40 million dollar qoʻshimcha mukofot puli oladi.

Qitʼalar kesimidagi ishtirok uchun ajratiladigan mablagʻlar ham aniq belgilangan. Yevropa klublariga 12,81 million dollardan 38,19 million dollargacha (sport va tijorat mezonlari asosida), Janubiy Amerikaga — 15,21 million dollar, Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi, Osiyo va Afrika klublariga — 9,55 million dollardan, Okeaniya klublariga esa — 3,58 million dollardan ajratiladi. Bu koʻrsatkichlar ishtirokchi klublar uchun teng sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

FIFA ushbu model orqali nafaqat sportdagi raqobatni kuchaytirishni, balki futbolning global darajadagi rivojiga turtki berishni maqsad qilgan. Mukofot pulining yuqori darajada belgilanishi va daromadlarning barcha klublar oʻrtasida adolatli taqsimlanishi orqali butun jahonda klub futboliga boʻlgan qiziqish va imkoniyatlar yanada kengayadi.

Qayd etish kerakki, ushbu nufuzli musobaqada Yevropaning 12 ta klubi ishtirok etadi. Afsuski, ular orasida “koʻhna qitʼa”ning mashhur klublaridan “Barselona”, “Manchester Yunayted”, “Milan” kabi klublari ishtirok eta olmaydi. Ayniqsa, “koʻkanorli”larning turnirda ishtirok etmasligi koʻplab muhokamalarga sabab boʻlgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер