“Asosiy tarkibdagi oʻrningiz kafolatlanmagan”: Oʻzbek futboli jamoatchiligi Abduqodir Husanovning faoliyatidan xavotirda. Gvardiolaning Husanov haqidagi soʻnggi fikrlari
Qishki transferlar oynasida Fransiyaning “Lans” klubidan Angliyaning “Manchester Siti” klubi safiga qoʻshilgan oʻzbekistonlik markaziy himoyachi Abduqodir Husanovning faoliyati, ayni paytga kelib barcha futbol jamoatchiligining eʼtibor markazida boʻlib turibdi.
Gap shundaki, koʻplab futbol muxlislari hamda mutaxassislar tomonidan ijobiy baholangan hamda «Manchester Siti» tarkibiga kelib qoʻshilganiga koʻp boʻlmasdan aprel oyining eng yaxshi oʻyinchisi boʻlishga ham ulgurgan hamyurtimiz Abduqodir Husanov bugun “shaharliklar”ning asosiy tarkibida koʻrinish bermayapti. Bu holat oʻzbek futboli jamoatchiligining turli taxminlariga sabab boʻlmoqda.

Kecha, 2-may oqshomida boʻlib oʻtgan Angliya Premyer-ligasi doirasidagi «Manchester Siti» hamda “Vulverhemton” jamoalari ishtirokidagi bahsda Husanovning zaxira oʻrindigʻi tugul, qaydnomaga ham kiritilmagani ham futbol muxlislari tomonidan salbiy qabul qilindi. Hatto “futbolchining karyerasida choʻkish” boshlandimi» degan savollarni ham oʻrtaga tashlamoqda.
APLning 35-tur bahsi oldidan tashkil qilingan matbuot anjumanida “Manchester Siti” klubi bosh murabbiyi Pep Gvardiola Husanovning nima sababdan maydonga tushmayotganiga toʻxtalib oʻtdi.
“Bornmut”ga qarshi oʻyinda Husanov sariq kartochka oldi. Men tavakkal qilishni xohlamadim va chap qanotga yanada faollik qoʻshmoqchi boʻldim. Shuning uchun Husanovni birinchi boʻlimdan soʻng almashtirdim.
Ammo, oʻsha daqiqalarda men Niko bu qadar tez yaxshi oʻynab ketadi, deb oʻylamagandim. Yoshko esa markazga juda yaxshi moslashib oldi. Bu shuni koʻrsatadiki, asosiy tarkibda oʻz oʻrningizni kafolatlangan deb ishonib qolmasligingiz zarur. Shu bilan birga, endi buyogʻiga umuman oʻynamay qolishim mumkin, deb ham oʻylamasligingiz kerak.
Nunesh, OʻRayli, Gvardiol barqaror oʻynamoqda va bu orqali oʻyinimiz ham yaxshi chiqmoqda. Hozircha mana shu bogʻlam barchamizni qanoatlantirmoqda. Abduqodirning maydonga tushmayotganiga yagona va birdan-bir sabab mana shu», — deydi mutaxassis.
«Manchester Siti» “Vulverhemton” ustidan qozonilgan gʻalabasidan soʻng APL turnir jadvalida uchinchi pogʻonaga koʻtarilib oldi. Afsuski, hamyurtimiz bu uchrashuvda ham jamoasiga yordam bera olmadi. Shu tariqa Husanovning klub zaxirasida oʻtkazayotgan oʻyinlari soni ketma-ket 5 ta oʻyinga yetdi.

Bu orada koʻplab xorijiy futbol nashrlari, jumladan, Ispaniyaning “Carpetas Blaugranas” nashri “Barselona” klubi Husanovni bir mavsumga ijaraga olib, keyinroq toʻliq sotib olish variantini koʻrib chiqayotgani haqida yozdi. Bu xabar tezda tarqalib, oʻzbek futbol ishqibozlari orasida turli muhokamalarga sabab boʻldi.
Husanovning agenti Gayrat Hasbiullin futbolchiga kataloniyaliklar qiziqayotgani haqidagi xabarlarga oydinlik kiritib oʻtdi.
Futbol agentining soʻzlariga koʻra, Ispaniyaning “Barselona” klubidan Husanovning transferi borasida hech qanday rasmiy murojaat yoki taklif kelib tushmagan.
“Menga «Barselona”dan hech kim qoʻngʻiroq qilgani yoʻq. Bu gaplardan xabardor emasman. Klub prezidenti Laporta ham men bilan bogʻlanmagan. Bularning barchasi shunchaki mish-mish», — degan Gʻayrat Hasbiullin.

Avvalroq, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi marketing va media boʻlimi boshligʻi Davron Fayziyev ham Husanovning doimiy zaxirada qolayotgani masalasida futbolchining yaqinlari bilan bogʻlanganini maʼlum qilgan edi.
«Aslida nima boʻlyapti? Birinchi navbatda aytib oʻtaman, Gvardiola bilan hech qanday shaxsiy va professional darajada ziddiyat yoʻq. Aksincha, Pep mashgʻulotlarda doimiy tarzda unga eʼtibor qiladi, pozitsiyasi boʻyicha taktik koʻrsatmalar beradi. Ishonchi soʻnmagan. Jismoniy jihatdan ham Husanovda hozir muammo, pasayish yoʻq. Oʻyinlarda tushmayotganiga sabab — sogʻlom raqobat.
Yana bir yosh himoyachi Niko OʻRayli chap qanotda ketma-ket uchrashuvlarda gollar va assistlar qayd etgach, Yoshko Gvardiol markazga oʻtkazildi. Diash lider sifatida markaziy oʻng himoyachi sifatida harakat qilmoqda. Pep shu variantni qoʻllagach “Manchester Siti” qatorasiga yutishni boshladi. Nafaqat Gvardiola, aksariyat murabbiylar natija boʻlib turgan joyda rotatsiya qilmaydi. Ayniqsa himoyada.
Qolaversa mavsum yakunida “Manchester Siti”ning yoʻqotadigan har bitta ochkosi chempionlar ligasidan mahrum qilishi mumkin. Bugun yutsa va himoya yaxshi oʻynasa ertaga yana shular tushadi. Bu normal jarayon.
Abduqodir Husanovda hali imkon boʻladi, ishoning. Oʻzining yondashuvi pozitiv, payt poylayapti. Feyk xabarlarni oʻqib qolsa balki kayfiyati biroz buzilishi mumkin, lekin u oʻqimaydi. Siz ham faqat ishonchli manbalarni kuzating», — deb yozgandi Davron Fayziyev.

Maʼlumot uchun, Germaniyaning nufuzli “Transfermarkt” portali oxirgi 1-yil ichida 21 yoshgacha boʻlgan himoyachilar orasida narxi eng koʻp oshgan 10 nafar futbolchi nomini eʼlon qildi.
“Manchester Siti”ning oʻzbekistonlik markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov ushbu roʻyxatda “Barselona” klubi himoyachisi Pau Kubarsidan keyin, 2-oʻrinda qayd etilgan. Unga koʻra, himoyachining qiymati oxirgi bir yil ichida 32,5 million yevroga qimmatlashgan.
Eslatib oʻtamiz, portalning 2024-yil 3-iyun kungi yangilanishidan soʻng Husanovning qiymati 2,5 million yevroga baholangan edi. Joriy yilning mart oyidagi yangilanishdan soʻng esa, hamyurtimizning transfer qiymati 35 million yevro etib belgilangan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Saida Mirziyoyeva Bryusselda Yevropa Ittifoqi komissari bilan uchrashdi
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring