Askarlarga kasb sertifikatlari topshirildi

09:37 05 Mart 2026 Jamiyat
162 0

Maʼlumki, joriy yilning 13-yanvar kuni boʻlib oʻtgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida Prezidentimiz tomonidan Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmat oʻtashning nufuzi va jozibadorligini yanada oshirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslar ilgari surilgan edi.

Unda kelajagimiz vorislarining askarlik davrida kasb egallashi, oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi hamda xizmatdan soʻng turli sohalarda faoliyat yuritishi uchun qulay imkoniyatlar yaratish nazarda tutilgan. Shu maqsadda hududlarda muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan askarlar uchun kasb-hunarga oʻqitish kurslarini tashkil etish vazifasi belgilangan.

Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Fargʻona viloyati Kasbiy taʼlim boshqarmasi hamda Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu tashabbus muddatli harbiy xizmatni oʻtashning yangi, zamonaviy modelini shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Kuni kecha Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi va Fargʻona viloyati Kasbiy taʼlim boshqarmasi masʼullari ishtirokida oʻquv kurslarining ilk bitiruvchilariga kasb sertifikatlari tantanali ravishda topshirildi.

— Bugun 70 nafar muddatli harbiy xizmatchi kasb-hunarga oʻqitishga moʻljallangan oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, kasb sertifikatlarini qoʻlga kiritdi, — deydi Fargʻona viloyati Kasbiy taʼlimni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Toʻychiboy Boymatov. — Albatta, bundan buyon ham Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi bilan ushbu yoʻnalishda boshlangan saʼy-harakatlarimiz izchil davom etadi.

Tantanali tadbirda taʼkidlanganidek, mazkur sertifikatlar kelajakda yoshlarning muayyan kasb egasi boʻlib, hayotda oʻz yoʻlini topishiga xizmat qiladi. Shuningdek, aniq bir kasb yoki hunarga ega boʻlish ularning jamiyatda munosib oʻrin egallashida muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер