AQSHda “Rishton keramikasi: Markaziy Osiyo kulolchilik sanʼatining gavhari” nomli koʻrgazma va shou-rum ochildi

17:30 25 Yanvar 2024 Jamiyat
347 0

Foto: “Dunyo” AA

Koʻrgazma doirasida 5 million dollar miqdorida Rishton keramika mahsulotlarini xarid qilish boʻyicha shartnoma imzolandi

Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi tomonidan Fargʻona viloyati Rishton tumani hokimligi bilan birgalikda Vashingtonda “Rishton keramikasi: Markaziy Osiyo kulolchilik sanʼatining gavhari” nomli koʻrgazma tashkil etildi.

“Dunyo” AA xabariga koʻra, tadbirda amerikalik taniqli sanʼat arboblari, kolleksionerlar, yirik biznes, hukumat, siyosiy, akademik, ekspert va OAV vakillari hamda faol vatandoshlar ishtirok etdi. Shuningdek, yuqori martabali mehmonlar — AQSH prezidentining maxsus yordamchisi Nikolas Berliner, ijtimoiy himoya va nogironlar boʻyicha maslahatchisi Sara Minkara, savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Marisa Lago va USAID rahbarining oʻrinbosari Anjali Kaur va Kongress aʼzolari vakillari qatnashdilar.

Koʻrgazmaning ochilishi marosimida nutq soʻzlagan AQSH prezidentining maxsus yordamchisi Nikolas Berliner Oʻzbekiston asrlar davomida madaniyat va taraqqiyot markazi boʻlib kelganini, ushbu zaminda Rishton kulolchiligi kabi noyob sanʼat turlari shakllanganligini taʼkidladi.

Nikolas Berliner Oʻzbekistonda erishilayotgan ijobiy oʻzgarishlarga alohida toʻxtalar ekan, bugungi kunda respublikamiz mintaqaning iqtisodiy katalizatoriga aylanganini va Markaziy Osiyo barqaror kelajagi uchun mustahkam poydevor rolini bajarayotganini alohida urgʻuladi.

“Hozirgi kunda Oʻzbekiston rahbariyati hamda nafis sanʼat muxlisi boʻlgan oʻzbek xalqi ushbu qadimiy kulolchilik maktabini nafaqat avaylab asramoqda, balki uni jahon miqyosida tanitmoqda. Bunga yaqqol misol, bugungi koʻrgazmaning Vashingtonda oʻtkazilishidir, — dedi AQSH prezidentining maxsus yordamchisi. — Qoʻshma Shtatlar Yangi Oʻzbekistondagi barcha islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga sodiqdir. Biz Vashington va Toshkent oʻrtasida oʻzaro ishonch, hurmat va tenglikka asoslangan doʻstlik aloqalarini bundan buyon ham mustahkamlashga, uning koʻlamini esa yanada kengaytirishga tayyorligimizni bildiramiz”.

Savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Marisa Lago oʻz navbatida Amerika va Oʻzbekiston oʻrtasida jadal taraqqiy etib borayotgan iqtisodiy munosabatlar rivojiga 2023-sentyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga boʻlib oʻtgan tashrifi va uning doirasida erishilgan kelishuvlar katta turtki boʻlganini qayd etdi.

USAID administratori oʻrinbosari Anjali Kaur oʻz chiqishida, azaldan kulolchilik sanʼatiga qiziqishi sababli ushbu koʻrgazmani intiqlik bilan kutganini bildirdi.

“Goʻzal va betakror Rishton kulolchiligi Amerika jamoatchiligi uchun yangi yoʻnalish boʻlganligi sababli unga qiziqish boshqa davlatlar sanʼatiga nisbatan ortib bormoqda. Misol tariqasida, Oʻzbekiston elchixonasida ochilgan ushbu koʻrgazma va uning doirasida oʻtkazilayotgan master klasslar mamlakatimiz keng jamoatchilik orasida katta shov-shuvga sabab boʻldi”, — dedi u.

Tadbir doirasida, shuningdek, mamlakatimiz elchixonasi huzurida doimiy faoliyat koʻrsatadigan kulolchilik shou-rumi ham ochildi.

Koʻrgazma davomida boʻlib oʻtgan ikki tomonlama muzokaralar yakunida Amerikaning “DIAMOND Inc.” kompaniyasi va Rishton shahridagi “Mingboshi Ceramic” MCHJ oʻrtasida 5 million dollar miqdorida keramika mahsulotlarini xarid qilish hamda ushbu mamlakatning “ASU Trading LLC” va “Exclusive Ceramic of Rishtan” MCHJ oʻrtasida AQSH shtatlarida keramika mahsulotlarini sotish boʻyicha distribyutorlik shartnomalari imzolandi.

Shuningdek, Rishton tumani hokimligi, USAID va “Aleksandriya loy kooperativi” studiyasi oʻrtasida AQSHda “Rishton kulolchilik maktabini” tashkil etish va amerikalik kulolchilik sohasi ixlosmandlarining Rishtonga safarini tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер