Prezident Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifidan fotoreportaj

23:03 25 Noyabr 2025 Siyosat
286 0

Foto: Xasan Paydoyev / «Xalq so‘zi»

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-noyabr kuni ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonlari bilan tanishish hamda kelgusidagi vazifalarni faollar ishtirokida belgilab olish uchun Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari Samarqandga tashrifini taomilga koʻra, Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish bilan boshladi. Qurʼon tilovat etilib, duo oʻqildi.

Shundan soʻng Prezidentimiz Oqdaryo tumani Dahbed shaharchasida joylashgan Mahdumi Aʼzam majmuasida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari shu yilning mart oyida Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida Mahdumi Aʼzam qadamjosini obod qilishga oid loyiha bilan tanishgan edi.

Keyin esa Prezidentimiz Samarqandga tashrifi chogʻida Hazrati Hizr majmuasida ham boʻlib, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasiga gul qoʻydi.

Qurʼon oyatlari tilovat etilib, duo oʻqildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Samarqand – Urgut” yangi temir yoʻl liniyasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Ushbu temir yoʻl qurilishi joriy yil fevral oyida boshlangan boʻlib, umumiy uzunligi 55 kilometrni tashkil etadi. Loyiha doirasida ikkita vokzal, “Urgut” iqtisodiy zonasida ikkita yuk stansiyasi hamda bir qator koʻpriklar barpo etildi. Eʼtiborlisi, mazkur liniyani kelgusida toʻliq elektrlashtirish rejalashtirilgan.

Yangi yoʻnalish ikki juft shaharlararo poyezd va toʻqqiz juft yuk poyezdi qatnovini taʼminlash imkoniyatiga ega. Loyihani shu yil yakuniga qadar yakunlash koʻzda tutilgan. Poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyilishi orqali yiliga 359 ming yoʻlovchi va 8,2 million tonna yuk tashish imkoni yaratiladi.

Yoʻnalish Samarqand shahri, Jomboy, Pastdargʻom, Toyloq va Urgut tumanlari aholisi uchun xavfsiz va zamonaviy transport xizmati taqdim etishi bilan ahamiyatli. Shuningdek, ichki turizm rivojiga ham katta turtki beradi.

Davlatimiz rahbari Urgut tumanidagi “Ferre Group” korxonasining maishiy texnika ishlab chiqarish loyihasi faoliyati bilan tanishdi.

Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi mazkur korxona keyingi yillarda yurtimizda tadbirkorlik subyektlariga yaratilgan qulay imkoniyat va ishonchli investitsiya muhiti natijasida tashkil etilgan zamonaviy ishlab chiqarish majmuasi sanaladi.

Dastlab xorijdan keltirilgan butlovchi buyumlar asosida bir necha turdagi maishiy texnika vositalarini yigʻish bilan faoliyat boshlagan korxona bugunga kelib muzlatkich, gaz plita, kichik pech, changyutkich va dudburon, boshqa uy-roʻzgʻor buyumlari, zamonaviy temir eshiklar ishlab chiqarish boʻyicha Markaziy Osiyoda mustahkam oʻringa ega yirik kompaniyaga aylangan.

Bu yerda “Dorsa”, “Kleo”, “Ferre” kabi brendlar ostida “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” yorligʻi bilan tayyorlanayotgan mahsulotlar Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjonga eksport qilinmoqda. Ichki bozordagi raqobat muhitida ham “Ferre” oʻz oʻrnini topgan brendga aylangan. Korxonaning yillik quvvati hozirda oʻrtacha 440 milliard soʻmlik 250 ming dona mahsulotni tashkil etib, bu koʻrsatkich yil sayin oshib bormoqda.

Ishlab chiqarish jarayonida “Embraco”, “LG”, “DOW”, “Midea” kabi dunyodagi yetakchi kompaniyalar materiallari va butlovchi qismlaridan foydalaniladi. Bugungi kunda korxona mahsulotlarining mahalliylashtirish darajasi qariyb 85 foizni tashkil etadi.

Shu kuni Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Prezidentimiz Samarqand viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Adiz Boboyev nomzodini tavsiya etdi.

Viloyat faollarining nomzod haqidagi fikrlari tinglangach, viloyat hokimini tayinlash masalasi ovozga qoʻyildi. Ovoz berish natijalariga koʻra, Adiz Boboyev viloyat hokimi etib tasdiqlandi.

Prezidentimiz yangi hokimga u ish oʻrni yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, investitsiya va eksportni koʻpaytirish, tannarxni kamaytirish hamda energiya tejamkorlikni oshirish boʻyicha Samarqandni namunali hududga aylantirishi shartligini koʻrsatib oʻtdi.

Yigʻilish yakunida davlatimiz rahbari masʼullarning hisobotlari va rejalarini tingladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Raqamli sogʻliqni saqlash markazi va Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand filiallari faoliyati bilan tanishdi.

Oxirgi bir yilda mamlakatimizda tibbiyotni raqamlashtirish ishlari butunlay yangi bosqichga koʻtarildi. Bu ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida Raqamli sogʻliqni saqlash markazi ochildi.

Ushbu markazning Samarqanddagi filialida olib borilayotgan ishlar davlatimiz rahbariga taqdimot qilindi. Viloyatdagi tibbiyot muassasalarida raqamlashtirish ishlarining borishi, kasalliklar, bemorlar va dori vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash hamda ularga ishlov berish uchun qoʻllanilayotgan dasturiy yechimlar va sunʼiy intellekt texnologiyalari, bularning barchasi amalda qanday natijalar berayotgani toʻgʻrisida batafsil axborot berildi.

Xasan Paydoyev / «Xalq so‘zi» olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер