AQSH qoʻshinlari Iroqdagi aviabazadan chiqib ketdi

12:16 19 Yanvar 2026 Dunyo
178 0

Foto: AP

Iroq hukumati 18-yanvar, yakshanba kuni mamlakat hududidagi federal tasarrufga kiruvchi harbiy obyektlardan AQSH qoʻshinlari toʻliq chiqarilganini maʼlum qildi. CNN nashrining yozishicha, bu hududga yarim mustaqil Kurdiston mintaqasi kirmaydi — u yerda AQSH harbiylari hanuz qolmoqda.

Iroq Mudofaa vazirligiga koʻra, gʻarbiy Anbar viloyatida joylashgan Ayn-al-Asad aviabazasidan AQSHning soʻnggi harbiy maslahatchilari ham chiqib ketgan. Mazkur baza soʻnggi 20-yildan ortiq vaqt davomida AQSH qoʻshinlarini qabul qilib kelgan.

Vazirlik, shuningdek, Islomiy davlat (ISHID) guruhiga qarshi tuzilgan AQSH yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya Iroq Qoʻshma operatsiyalar qoʻmondonligi qarorgohidan ham chiqib ketganini bildirdi. Endi ushbu obyektlar toʻliq Iroq xavfsizlik kuchlari nazoratiga oʻtgan. AQSH harbiylari Iroq hukumati talab qilganidan soʻng, 2023-yildan boshlab mamlakat xavfsizligidagi ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirib kelayotgan edi.

Biroq AQSH qoʻshinlari Kurdiston mintaqasidagi Erbil viloyatida joylashgan Harir aviabazasida haligacha qolmoqda. Iroq markaziy hukumati mamlakatning shimolidagi ushbu mintaqani toʻliq nazorat qilmaydi, chunki Kurdiston Iroq Konstitutsiyasiga muvofiq oʻz hukumati, parlamenti va xavfsizlik kuchlariga ega avtonom hudud hisoblanadi.

AQSH harbiylarining Iroqdagi soni yillar davomida keskin oʻzgarib kelgan: 2003-yildagi bosqindan soʻng eng yuqori nuqtada 170 ming nafarga yetgan, 2011-yilda esa toʻliq chiqarilgan. 2014-yilda ISHIDga qarshi kurash doirasida Iroq iltimosiga binoan 5 ming nafarga yaqin harbiy qayta joylashtirilgan. 2021-yil dekabrda AQSH jangovar vazifalar tugaganini eʼlon qilganidan beri mamlakatda taxminan 2,5 ming nafar amerikalik harbiy maslahatchi qolayotgan edi.

Iroq Mudofaa vazirligi 17-yanvar, shanba kuni Ayn-al-Asad aviabazasida boʻsh qolgan binolarni koʻzdan kechirayotgan yuqori lavozimli iroqlik qoʻmondonlar aks etgan videoni ham eʼlon qildi. AQSH Markaziy qoʻmondonligi Iroq tomoni bergan maʼlumotlarni tasdiqladi.

Iroq rasmiylariga koʻra, mamlakat qurolli kuchlari hozir mamlakat xavfsizligini taʼminlashga qodir, AQSH bilan kelgusidagi hamkorlik esa asosan tayyorgarlik, qurol-yarogʻ xaridi va qoʻshma mashgʻulotlar doirasida davom etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?