Andijonda yoʻl infratuzilmasi yangilanmoqda: ming kilometrdan ortiq yoʻl taʼmirlandi

10:58 06 Yanvar 2026 Jamiyat
193 0

Ayni kunda Andijon viloyatida jami 13 ming 305 kilometr avtomobil yoʻli mavjud boʻlib, shundan 2 ming 422 kilometri umumiy foydalanishdagi, 10 ming 883 kilometri esa ichki yoʻllar hisoblanadi. Ushbu tarmoqlar aholining kundalik hayoti, iqtisodiy faoliyat hamda hududlar oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois yoʻl infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy talablar asosida qayta taʼmirlash va yangi yoʻllar barpo etish ishlari izchil davom etmoqda.

— 2025-yilda viloyatda yoʻllarni taʼmirlash va rekonstruksiya qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi, — deydi viloyat avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi boshligʻi Mirzohidjon Nurmatov. — Yil davomida turli dasturlar doirasida 568 milliard soʻmlik ishlar bajarilib, 1 ming 223 kilometr avtomobil yoʻli taʼmirlandi va foydalanishga topshirildi.

Yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish jarayonida harakat xavfsizligini taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, 21 ta nuqtaga svetoforlar, 6 kilometr yoʻlga harakat yoʻnalishlarini ajratuvchi maxsus toʻsiqlar, 2 joyga elektron axborot tablolari oʻrnatildi. Shuningdek, 47 kilometr piyodalar va velosiped yoʻlakchalari barpo etildi.

Bundan tashqari, 5 mingga yaqin yoʻl belgilari oʻrnatilib yangilandi, umumiy foydalanishdagi 630 ta koʻprikdan 11 tasi taʼmirlandi, 4 tasi esa toʻliq qayta qurilib, foydalanishga topshirildi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?