“AGRO PRO EXPO-2025”: qishloq xoʻjaligi mavsumi oldidan muhim koʻrgazma

13:27 19 Fevral 2025 Jamiyat
201 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Joriy yilning 25-27-fevral kunlari Jomboy tumanidagi “SOF EXPO Samarkand” majmuasida agrar soha boʻyicha mahalliy va xorijiy ishlab chiqarish korxonalarining 4-Xalqaro qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasi oʻtkaziladi.

Ushbu koʻrgazmada respublikamiz tadbirkorlaridan tashqari Qozogʻiston, Rossiya, Xitoy, Belarus, Turkiya, Eron, Niderlandiya, Germaniya, Vengriya kabi davlatlarning 88 ta korxonasi ishtirok etish istagini bildirgan. Ulardan 60 foizi avval ham qatnashgan, qolgan korxonalar yangi hamkorlar topish, shartnomalar imzolash va sohadagi yangiliklardan xabardor boʻlish niyatida.

Bu haqda koʻrgazma oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi. OAV vakillariga mazkur tadbirning ahamiyati, uning imkoniyatlari yuzasidan ham atroflicha maʼlumot berildi.

— Viloyatimiz aholisining 74 foizi qishloqlarda yashaydi, qolaversa, qishloq xoʻjaligi iqtisodiyotning asosiy tarmogʻi boʻlib qolmoqda, — deydi Samarqand viloyati hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha yordamchisi Nozir Ibragimov. — Qishloq xoʻjaligi tarmogʻi kun sayin yangilanib, zamonaviy texnologiyalar va ilmiy ishlanmalar bilan boyib bormoqda. Bu kabi yangiliklardan xabardor boʻlish va ularni sohaga joriy etishning samarali usuli koʻrgazmalar hisoblanadi. 2024-yilda tashkil etilgan koʻrgazmada 80 ta korxona oʻz mahsulotlari bilan qatnashdi, 4500 mingdan ortiq professional va top-menejerlar tashrif buyurib, 15 dan ortiq trening va seminar oʻtkazdi.

Matbuot anjumanida “AGRO PRO EXPO-2025” 4-Xalqaro qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasi bilan bogʻliq jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?