Afgʻonistonda Alisher Navoiy haykali buzib tashlandi. Toshkent “Tolibon”dan izoh soʻradi

11:11 21 Avgust 2025 Jamiyat
256 0

Afgʻonistonning Mozori Sharif shahrida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning haykali butunlay buzib tashlandi. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur masala yuzasidan rasmiy izoh olish maqsadida Afgʻoniston hukumati vakillari bilan tezkor ravishda bogʻlangan. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi Ahror Burhonov xabar berdi.

Olingan maʼlumotlarga koʻra, Alisher Navoiy haykali oʻrnatilgan joy buyuk alloma xotirasiga yetarlicha munosib emasligi, shoir va mutafakkir uchun yanada koʻrkam majmua qurilishi lozimligi bois yodgorlik mahalliy hokimiyat tomonidan olib tashlangan.

“Ushbu buzish ishlari Afgʻoniston Madaniyat va axborot vazirligi hamda keng jamoatchilik bilan kelishilmagani alohida taʼkidlanib, afgʻon tarafi holat yuzasidan taassuf bildirdi”, deb yozadi Oʻzbekiston TIV vakili.

Uning qoʻshimcha qilishicha, Afgʻoniston hukumati vakillari nafaqat Oʻzbekiston, balki Afgʻoniston xalqi uchun moʻtabar boʻlgan Alisher Navoiy xotirasini munosib tarzda abadiylashtirilishini tasdiqlagan. Shuningdek, ular buyuk shoir va mutafakkir sharafiga alohida yodgorlik barpo etishga vaʼda bergan.

Afgʻoniston tomoni hududni obodonlashtirish, shoir hayoti va ijodiy merosiga oid maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan yozuvlarni tiklash hamda amaldagi qarorlarga muvofiq yangi yodgorlik barpo etish hamda u joylashgan maydonga Alisher Navoiy nomi qoʻyilishi rejalashtirilganini maʼlum qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?