7-Samarqand okrug komissiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Foto: Халқ сўзи
Oʻzbekiston Respublikasi referendumini oʻtkazuvchi 7-Samarqand okrug komissiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda okrug hududida referendum uchastkalarni tuzish haqidagi masala koʻrib chiqildi.
“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi qonunning 16-moddasiga koʻra, referendum uchastkalari tumanlar, shaharlar, shaharlardagi tumanlarning chegaralarini inobatga olgan holda, referendumda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan fuqarolarga mumkin qadar koʻproq qulaylik yaratish maqsadida tuziladi.
Referendum uchastkalari harbiy qismlar, sanatoriylar, dam olish uylari, kasalxonalar va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin boʻlgan yerlardagi fuqarolar turgan joylarda qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida ham tashkil etiladi.
— Qonunga muvofiq, referendum uchastkalari tumanlar, shaharlar hokimlarining taqdimnomasiga binoan referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyalari tomonidan tuzilishi kerak, — deydi 7-Samarqand okrug komissiyasi raisi oʻrinbosari D.Yakubjanova. — Harbiy qismlarda referendum uchastkalari qismlar yoki harbiy qoʻshilmalar komandirlarining taqdimnomasiga binoan tuziladi. Ushbu tartiblarga koʻra, bizga taqdim etilgan taqdimnomalar asosida Samarqand viloyatida 1111 ta referendum uchastkasi tuzishga qaror qilindi.
Eng koʻp uchastkalar Samarqand shahri (175 ta) va Urgut tumanida (126 ta), eng kami Kattaqoʻrgʻon shahri (33 ta) va Paxtachi tumanida (43 ta) tuzildi. Uchastkalar referendumda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan fuqarolarning, qoida tariqasida, kamida yigirma va koʻpi bilan uch ming nafaridan iborat etib tashkil etilmoqda. Referendum uchastkalarining 890 tasi umumiy oʻrta taʼlim maktablarida, 58 tasi kollej, litsey va texnikumlarda, 41 tasi mahalla fuqarolar yigʻinlarida, 52 tasi tibbiyot, sanatoriy va dam olish muassasalarida, 16 tasi oliy oʻquv yurtlari binolarida, 11 tasi harbiy qism va ozodlikdan mahrum etish muassasalarida faoliyat olib boradi.
Majlisdan soʻng okrug komissiyasi raisi ishtirokida oʻtkazilgan brifingda 7-Samarqand okrugi boʻyicha shu paytgacha amalga oshirilgan ishlar haqida ham maʼlumot berildi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring