Yangi uy, qoʻshaloq bayram
Olotlik mehnat faxriysi Mehmonquli Yaxshiyevning hayotida esda qolarli damlar koʻp boʻlgan. Ammo bugungisi oʻzgacha.

— Ikki oʻgʻlim harbiy xizmatchi, — deydi otaxon. — Biriga Toshkent, ikkinchisiga esa Buxoro shahridan uy berildi. Xursandman. Ming karra shukr, Yangi yil xayrli boshlandi. Farzandlarim Vatanimizga sidqidildan xizmat qilib, el-yurt ishonchini oqlashadi, albatta.
Mehmonquli aka bilan serjant Xushvaqt Yaxshiyevning yangi ikki xonali uyida suhbatlashdik. Xushvaqt Namangan viloyatining Pop tumanida xizmat burchini oʻtayapti. 20 yildirki, Vatan himoyachilari safida. Uch farzandi bor. Oilasi uy-joyga ehtiyoj sezayotgan edi. Orzusi ushaldi. Endi koʻngli xotirjam.
— Nukus shahrida xizmat burchimni oʻtayapman, — deydi yana bir suhbatdoshimiz serjant Zafar Rahmonov. — Uch nafar farzandim bor. Bugun quvonchimizning cheki yoʻq. Menga ham Buxoro shahrida qurilgan shinam uylardan biri ajratildi.
Yangi uyli boʻlganlar qatorida Jondor tumanidagi 37-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Sarvarbek Farhodov ham bor. U — marhum harbiy xizmatchi Farhod Jabborovning farzandi. Jabborovlar oilasiga uch xonali uy ajratildi. “Kelajakda xuddi otam kabi Vatan himoyachisi boʻlaman”, deydi qatʼiyat bilan Sarvarbek.
Ha, chegaralarimiz daxlsizligini, el-yurt osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli vazifani sidqidildan bajarib kelayotgan soha xodimlari davlatimizning doimiy eʼtiborida. Vatan himoyachilari kuni arafasida Buxoro shahrida ular uchun 60 xonadonga moʻljallangan ikkita koʻp qavatli uy qurilib foydalanishga topshirildi. Mudofaa va milliy gvardiya, ichki ishlar tizimi xodimlari oilalari uchun qurilgan bu uylar alohida isitish tizimiga ega, keng va yorugʻ. Uylar atrofida bolalar oʻyingohi va boshqa qulayliklar yaratilgan.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi B. Zaripov toʻplanganlarni Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklab, xonadon egalariga yangi uylar kalitini topshirdi.
Aytish oʻrinliki, davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq, Buxoro viloyatida mana, uch yildirki, mudofaa, milliy gvardiya, ichki ishlar va milliy xavfsizlik xizmati xodimlari uchun qiymati 91 milliard soʻmlik 666 ta oilaga moʻljallangan koʻp qavatli uylar qurilmoqda. Hozirgacha shu uylarning 606 tasi foydalanishga topshirildi.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Toshkentda diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar oʻrtasida XІX xalqaro mini-futbol turniri tashkil etildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring