50 ga yaqin “Muruvvat” uyida saqlanayotgan shaxslar, mahkum va mahbuslarga va ularning farzandlariga ID-kartalar olinishida amaliy yordam koʻrsatildi — Ombudsman

11:21 02 Avgust 2023 Jamiyat
587 0

Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va oldini olish yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan 2023 yil 1-yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing oʻtkazildi.

2023 yil 1-yarim yilligida Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 348 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. 2022 yilning  1-yarim yilligida bu koʻrsatkich 156 marotabani tashkil etgan.

Hisobot davrida 113 ta jazoni ijro etish koloniyasi, 81 ta tergov hibsxonasi, 43 ta vaqtincha saqlash hibsxonasi, 31 ta narkologiya markazi filiallari, 27 tamaxsus qabulxona, 16 ta“Sahovat” va “Muruvvat” uylari,15 ta reabilitatsiya markazi, 10 ta ruhiy-asab kasalliklari dispanseri, 8 ta Ichki ishlar organlari hamda 4 ta mastlik holatida boʻlganlarga tibbiy yordam koʻrsatish punktlari oʻrganilgan.

Ombudsman boshchiligida oʻtkazilgan monitoring tashriflarida Jamoatchilik guruhlari tarkibida xalqaro va mahalliy NNT, OAV, bloger, psixolog, pedagog va tibbiyot xodimlari ishtirok etishdi.

Monitoring tashriflari davomida 7 mingga yaqin mahkum va mahbuslar bilan jamoaviy hamda 2 417 nafar yaʼni oʻtgan yilning shu hisobot davriga nisbatan 66,6 foizga koʻproq mahkumlar (mahbuslar) bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazildi.

Monitoring tashriflari davomida ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslarni yashash, ovqatlanish, mehnat qilish hamda tibbiy yordam koʻrsatish holati va sifati, saqlanayotgan shaxslar uchun olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotganligi va boshqa shu kabi holatlar oʻrganildi.

Qolaversa, Mintaqaviy vakillar tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida joylardagi mutasaddi organlar va tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikda sayyor qabullar, tibbiy koʻrik va boshqa tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Ombudsmanning Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi mintaqaviy vakili tomonidan Qoʻngʻirot tumanidagi 27-son Manzil-koloniyasida mahkum va mahkumalar uchun tibbiy koʻrik tashkil etildi.

Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan “Hunarmand” uyushmasi Namangan viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatning Pop tumanidagi 6-son Jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlar uchun “Ustoz-shogird anʼanasi” asosida hunarmandchilikning “Metall buyumlarni yasash” yoʻnalishi boʻyicha 2 oylik oʻquv kursi tashkil etildi. Mazkur oʻquv kursini tamomlagan 56 nafar mahkumlarga sertifikatlar topshirildi.

Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakilining tashabbusi bilan viloyatidagi koloniyalarda jazo muddatini oʻtayotgan yosh mahkumlar orasida intellektual musobaqalar ham oʻtkazildi.

Ombudsman va Jamoatchilik guruhlari tomonidan yopiq muassasalarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida aniqlangan kamchiliklar boʻyicha joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida Ombudsman tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralarga 5 ta talabnoma, 3 ta taqdimnoma, 3 ta xulosa va 3 ta tahliliy axborot hamda Oliy Majlis palatalariga 2 ta tahliliy maʼlumotlar kiritildi.

Ombudsman nomiga 2023 yil 1-yarim yilligida harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar hamda ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari (advokatlari) tomonidan jami 1 522 ta murojaatlar kelib tushgan. Bu koʻrsatkich 2022 yilning shu davriga nisbatan 69 taga yoki 4,3 foizga kamaygan.

Murojaatlarni koʻrib chiqish davomida 10 yaqin mahkumlar yashash joyiga yaqin boʻlgan jazoni ijro etish muassasalariga oʻtkazilgan. 57 nafar mahkumning oila aʼzolariga moddiy yordam ajratilishiga va 17 nafarining yaqin qarindoshlariga tibbiy xizmat koʻrsatilishiga erishildi.

Shuningdek, 50 ga yaqin “Muruvvat” uyida saqlanayotgan shaxslar, mahkum va mahbuslarga va ularning farzandlariga ID-kartalar olinishida amaliy yordam koʻrsatildi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy bosim oʻtkazilganligi yoki boshqacha tarzda bosim oʻtkazilganligi yuzasidan Ombudsmanga 125 ta shikoyatlar kelib tushgan. Ularning 19 tasi bevosita monitoring tashriflari davomida amalga oshirilgan yakka tartibdagi qabullarda, 18 tasi  “Ombudsman qutisi”, 40 tasi penitensiar muassasalar maʼmuriyati va mahkumlarning (mahbuslarning) yaqin qarindoshlari tomonidan pochta aloqasi xizmati orqali, 21 tasi Ombudsman va uning masʼul xodimlari tomonidan amalga oshirilgan shaxsiy qabullar, 22 tasi elektron tarzda va 5 tasi Ombudsmanning “Ishonch telefoni” orqali kelib tushgan.

Ushbu shikoyatlarning 64 foizi yuzasidan xodimlarning xatti-harakatlariga nisbatan oʻtkazilgan xizmat tekshiruvlari hamda prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga koʻra oʻz tasdigʻini topmagan.

Shikoyatlarning 8 tasi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasining 2-bandiga asosan jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar Ombudsmanning xatiga asosan yuqori turuvchi prokurorlar tomonidan bekor qilinib, qoʻshimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlarini oʻtkazish belgilangan.

Shuningdek, 37 ta shikoyat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.

Taʼkidlash joizki, Ombudsman tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan shu mazmundagi 20ga yaqin xabarlar zudlik bilan oʻrganilib, Bosh prokuraturaga Ombudsman talabnomalari kiritilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?