3 nafar qizni fohishalik qilishi uchun Tailandga yubormoqchi boʻlgan 53 yoshli ayol ushlandi

17:32 30 Iyun 2025 Jamiyat
293 0

Toshkent xalqaro aeroportida 31, 23 va 18 yoshli qizlarni fohishalik qilishi uchun Tailandga yubormoqchi boʻlgan 53 yoshli ayol qoʻlga olindi. Bu haqda Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar qildi.

Maʼlum boʻlishicha, Toshkent shahrida yashovchi ayol jinoiy guruh tuzib, moddiy jihatdan qiynalgan qizlarni moʻmay daromad topishga ishontirgan. U qizlarni fohishalik va qoʻshmachilik qilish uchun Tailandga joʻnatib, ulardan foydalangan holda shahvoniy ekspluatatsiya qilishni reja qilgani haqida maʼlumot olingan.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti hududida oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 53 yoshli ayol 3 nafar fuqaroni Tailandga joʻnatmoqchi boʻlgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ayolning Tailanddagi 53 yoshli tanishi qizlarni kutib olib, ish bilan taʼminlashi evaziga 5 ming AQSH dollari yuborishi va 3 oy mobaynida fohishalik qilib, pul ishlab berishi sharti bilan kelishib olingani maʼlum boʻlgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda qamoqqa olingan.

Avvalroq odam savdosi jinoyatini sodir etib Turkiyada yashirinib yurgan Oʻzbekistonlik ayol Toshkentga ekstraditsiya qilingani haqida xabar qilgandik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?