18 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasidagi “CAFA kubogi“ musobaqasi boshlanish arafasida

18:52 21 Noyabr 2025 Sport
239 0

Joriy yilning 22–29-noyabr kunlari Toshkentda joylashgan “Doʻstlik“ stadionida 18 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasidagi “CAFA kubogi“ musobaqasi boʻlib oʻtadi. Unda Oʻzbekiston termasidan tashqari Qirgʻiz Respublikasi, Eron, Tojikiston va Turkmaniston U-18 terma jamoalari ishtirok etadi.

Bugun ushbu musobaqa oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Mazkur anjumanda musobaqada ishtirok etuvchi 5 ta terma jamoaning bosh murabbiylari — Antonio Lopes Mesa, Viktoriya Sirota, Parvaneh Karonxosravi, Boris Borovik va Farxod Xolbekov ishtirok etishdi.

Anjumanda “Xalq soʻzi“ nashri muxbiri ham ishtirok etdi va Oʻzbekiston U-18 terma jamoasi bosh murabbiylar bilan muloqot oʻtkazildi. Quyida ushbu savol-javobni taqdim etamiz:

— Viktoriya xonim, U-17 terma jamoamizning Osiyo chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kirita olmagani haqida nima deya olasiz?

“Ha, bu juda ham yomon boʻldi, biz musobaqaga chiqishni juda xohlagan edik. Ammo 2 ta oʻyinda ham magʻlubiyatga uchradik. Bunga 3 omil sabab boʻldi, deya olaman. Avvalo, himoyada koʻp xatolarga yoʻl qoʻydik. Hujumlarda oʻz imkoniyatlarimizdan foydalana olmadik. Futbolchilarimizning moslashuvi ham koʻngildagidek oʻtmadi. Ushbu musobaqada saralashdagi xatolarimizni takrorlamaslikka harakat qilamiz“.

— Tarkibda Oʻzbekiston U-20 terma jamoasiga aʼzo 2008-yilda tugʻilgan futbolchilar jalb etilgan. Ularni oʻz jamoasida qoldirib, faqat U-17 terma jamoamiz bilan ushbu turnirda qatnashish har ikki jamoa uchun toʻgʻri boʻlmasmidi?

“Menimcha yoʻq. Sababi noyabr oyida U-20 terma jamoasi faqatgina oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazadi. Biz esa rasmiy musobaqada ishtirok etamiz. Albatta, bu musobaqa koʻproq foydali boʻladi, deb oʻylayman. Undan tashqari, biz oldimizga “CAFA kubogi“da shunchaki ishtirok etishni emas, chempion boʻlishni niyat qilganmiz. Shu sababdan tarkib maksimal darajada toʻliq yigʻilgan“.

— Osiyo chempionati saralashida Qirgʻiz Respublikasi terma jamoasiga magʻlub boʻlgan edik. Ushbu turnirda 27-noyabr kuni ushbu yurt terma jamoasiga qarshi yana bir bor oʻynaymiz. Futbolchilarda revansh kayfiyati bormi?

“Albatta. Ushbu magʻlubiyat barchamizga ogʻir botgan edi. Biz hali buni unutganimiz yoʻq. Qizlar ushbu oʻyinda revansh olish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishlariga ishonaman“.

Shuningdek, chempionlikka asosiy nomzodlardan biri Eron terma jamoasi ustozi Parvane Karonxosravi bilan ham kichik suhbat uyushtirildi:

— Parvaneh xonim, ushbu turnir haqida nimalar deya olasiz?

“Hammaga assalomu alaykum. Oʻzbekistonda ekanimdan xursandman. “CAFA kubogi“ turniri doimo juda qiziq oʻtgan. Bu gal ham shunday oʻtishiga ishonaman. Ushbu musobaqada gʻolib boʻlishni niyat qilganmiz“.

— Musobaqadagi raqiblaringiz haqida nimalar deya olasiz?

“Turnirda juda yaxshi jamoalarga qarshi oʻynaymiz. Barcha jamoalar haqida yetarli maʼlumotga egamiz. Ayniqsa, musobaqa mezboni — Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasiga qarshi oʻyin oson oʻtmaydi. Uni ustiga Qirgʻiz Respublikasi qanday kuchga ega ekanini koʻrdik. Xullas, bizni ushbu jamoalarga qarshi qiziqarli oʻyinlar kutmoqda, deyishim mumkin“.

— Ayni vaqtda “Bam Xotun“ jamoasi Osiyo chempionlar ligasida ishtirok etmoqda. Bu jamoada sizning terma jamoangizda oʻynashi mumkin boʻlgan futbolchilar yoʻqmidi?

“Yoʻq, bu jamoada asosan terma jamoa futbolchilari oʻynashadi. Umumiy qilib aytganda ham tarkib boʻyicha muammomiz yoʻq“.

Maʼlumot uchun, “CAFA kubogi“ musobaqasi 22-noyabr kuni start oladi. Oʻzbekiston U-18 terma jamoasi dastlabki oʻyinini 23-noyabr kuni Tojikiston oʻsmirlar terma jamoasiga qarshi oʻtkazadi. Oʻyin 12:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.

Muhammadamin Zuhriddinov,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?