15 oylik chaqaloqlar biz oʻylagandan aqlliroq boʻlib chiqdi – Tadqiqot
Atigi 15 oylik chaqaloqlar hech qachon koʻrmagan narsalarining nomini faqat eshitgan suhbatlari orqali oʻrganishlari mumkin. Northwestern va Harvard universitetlari olimlari olib borgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, bolalar hech qachon koʻrmagan buyum yoki mevaning nomini faqat gap ichidagi kontekst asosida tushunib, uni toʻgʻri tanlay oladi.
Tadqiqot shunday savolga asoslangan: tasavvur qiling, bir bola polda oʻyinchoqlar bilan oʻynayapti, shu payt ota-onasi olma, banan va qulupnay haqida suhbatlashmoqda. Garchi bola qulupnayni hech qachon koʻrmagan boʻlsa ham, bu soʻzdan “meva” degan umumiy tushuncha hosil qilishi mumkinmi? Olimlar aynan shuni aniqlamoqchi boʻlishdi.
Tajriba uch bosqichda oʻtkazildi. Dastlab bolalarga tanish soʻzlar (masalan, olma, banan) va ularning rasmi koʻrsatildi. Keyin bolalarga yangi soʻz aytildi (masalan, qulupnay), lekin uning rasmi yashirilgan edi. Soʻng ikkita yangi buyum — biri qulupnay (meva), ikkinchisi masalan, shlyapa (artefakt) — koʻrsatilgan va bola soʻralgan: “Qaysi biri qulupnay?”
Natijalarga koʻra, 15 oylik bolalar koʻproq qulupnay mevasiga qaradi, yaʼni ular ushbu soʻzning kontekstdan kelib chiqib, meva boʻlishi mumkinligini tushunishgan. Biroq 12 oylik chaqaloqlarda bu darajadagi tushunish hali shakllanmagan boʻlishi mumkin.
Tadqiqot muallifi Sandra Vaxmanning aytishicha, bu natijalar shuni koʻrsatadiki, bolalar atrofdagi narsalarni bevosita koʻrmasdan ham til orqali yangi soʻzlarni oʻrganishi mumkin. “Ular eshitgan soʻzlardan «gʻoya” yoki maʼno asosini tuzib oladi, keyinroq esa bu soʻzni haqiqatda uchratganda uni tanib olishadi», deydi u.
Bu tajriba chaqaloqlarning tilni qabul qilish qobiliyati nihoyatda kuchli ekanini koʻrsatadi. Ular har doim atrofdagi gap-soʻzlardan yangi narsalarni oʻrganib borishadi, hatto bu gaplar paytida gap boʻlayotgan buyumlar koʻz oldida boʻlmasa ham. Yaʼni chaqaloqlar ham kattalardek yangi soʻzning maʼnosini kontekst asosida anglay boshlaydi. Bu esa, albatta, bola rivoji uchun muhim qadam sanaladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring