Joriy yil Respublika koʻz mikroxirurgiyasi markazida simulyatsiya markazi tashkil etiladi

17:17 18 Yanvar 2024 Jamiyat
446 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, hozir 2 milliard nafardan ortiq kishining koʻz kasalliklari hisobiga koʻrish qobiliyati pasaygan va shu dard bilan bogʻliq nogironligi mavjud. Biroq ulardan 1 milliard nafarga yaqinini jarrohlik yoʻli bilan davolash mumkin.

Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ana shunday murakkab operatsiyalarni oʻtkazish borasida yurtimizdagi yetakchi tibbiyot muassasasi hisoblanadi.

Bugungi kunda shifoxonada 14 ta boʻlim boʻlib, 95 oʻringa moʻljallangan. Markazda oftalmologiyaning barcha yoʻnalishlari boʻyicha 63 nafar malakali mutaxassis faoliyat koʻrsatadi.

— Yaqin yillargacha yurtimizda oftalmologiya sohasida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazishning imkoni yoʻq edi, — deydi markaz direktori Azamat Yusupov. — Shu sababli aksariyat bemorlar davolanish uchun xorij davlatlariga borishga majbur edi.

Bugun esa vaziyat boshqacha. Yurtimizda tibbiyot yoʻnalishida islohotlarning yangi davri boshlangach, eng soʻnggi va murakkab davolash va diagnostika usullarining barchasi amaliyotga tatbiq qilindi.

Ayni paytda markazda optik kogerent tomografiya va angiografiya, elektroretinografiya, ultratovushli biomikroskop, fluressentli angiografiya uchun fundus kamera, femtosoniyali lazer, bir necha turdagi fakoemulsifiaktorlar kabi 60 dan ortiq zamonaviy tekshiruv va davolash uskunalari mavjud.

Oʻtgan 2023-yil muassasada jami 16 ming 331 ta jarrohlik operatsiyasi oʻtkazilib, ularning 54 foizini yuqori texnologik amaliyotlar tashkil etdi.

Shuningdek, markazda kasalliklar profilaktikasi va ularni davolashning yangi usullarini joriy etish maqsadida xorijiy mutaxassislar ishtirokida doimiy seminar treninglar tashkil etib kelinmoqda.

Xususan, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Turkiya, Koreya Respublikasi, Hindiston, Germaniya, Ozarbayjon kabi qator davlatlar bilan kadrlar malakasini oshirish, birgalikda mahorat darslari va jarrohlik amaliyotlarini muntazam oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgan. Oʻtgan yil markazning 12 nafar mutaxassisi xorijiy mamlakatlarda malaka oshirib qaytdi.

Joriy yil muassasada yangi simulyatsiya markazini tashkil etish rejalashtirilgan. Natijada “Katarakta fakoemulsifikatsiya”, “Nostandart holatlarda kataraktada fakoemulsifikatsiya”, “Keratorefraksion lazer jarrohligi” va “Glaukomani zamonaviy tashxislash va davolash usullari” dasturlari boʻyicha mutaxassislarni oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?