Jondorlik Barot Safarov 200 dan ziyod qoʻlyozma va toshbosma kitoblarni, yuzlab nodir asori atiqalarni uyidagi torgina xonada saqlashga majbur boʻlyapti

15:13 22 Iyun 2023 Jamiyat
512 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Buxoro viloyati Jondor tuman markazining Zarafshon mahallasida istiqomat qiluvchi Barot Safarov bolaligidan kitobga mehr qoʻygan zamondoshlarimizdan hisoblanadi. Yoshi anchaga borib, nevarali boʻlibdi hamki, kitobni qoʻlidan qoʻymaydi. Ammo Barot akani yaxshi kitobxon, deyish kamlik qiladi. Uning qayerdaki bir nodir kitob yoki xalqimiz tarixi, madaniyatiga oid osori atiqa daragini eshitib qolsa, oʻshani albatta, sotib olish odati bor.

Barot aka shu tariqa keyingi oʻttiz yil mobaynida 200 dan ziyod qadimiy qoʻlyozma va toshbosma asarlar, oʻn mingdan ziyod jahon va oʻzbek adabiyotiga oid kitoblar, olis va yaqin moziy bilan bogʻliq minglab osori atiqalarni toʻplashga muvaffaq boʻldi.

— Kitob oʻqishning gashti boʻlakcha, — deydi suhbatdoshimiz. – U kishiga huzur-halovat bagʻishlaydi. Mutolaa chogʻida beixtiyor asar qahramonlari yonida yurasiz , ularning quvonchu tashvishiga sherik boʻlasiz. Ruhingiz tozalanadi. Hayotga, yon-atrofga boshqacha koʻz bilan qaraysiz. Men shu boisdan ham ushbu shaxsiy kolleksiyamni tomosha qilgani kelgan maktab oʻquvchilariga “Kitob bilan doʻstlashing, internet balosidan uzoqlashing”, deya nasihat qilaman.

Aytmoqchi, maktab oʻquvchilari muallimlari hamrohligida Barot akaning xonadoniga tez-tez kelishadi. Nafaqat bu yerdagi nodir kitoblar, kamyob buyumlarni ham tomosha qilib, ular haqida maʼlumot olib xalqimiz maʼnaviy merosiga oid tasavvurlarini boyitishadi. Bu yerda shaxsiy kolleksiyani tomosha qilish bepul.

Kolleksiyada Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmiylar, qadimgi Xitoy davriga oid 500 dan ziyod mis va kumush tangalar, moziyning turli davrlarida chiqarilgan qogʻoz pullar, mis koʻza, lagan, shamdonlar, zardoʻzlik buyumlari, qadimiy kiyim-kechaklar, dastasida burgut tasviri tushirilgan qilichlar, Iskandar kosasi, moychiroq, tarozi, XVIII-asrda ishlab chiqarilgan miltiq qoldigʻi va boshqa osori atiqalarni koʻrish mumkin.

— Nechogʻli gʻalati tuyulmasin qadimiy kitoblarning aksariyatini loʻlilarning qoʻlidan sotib olganman,— deydi asl kasbi tovarshunos boʻlgan Barot aka. —Mana bu qadimiy moychiroq esa qabristondan topilgan. Oʻttizga yaqin milliy cholgʻu asboblarim, patefon, magnitofon, radiopriyomniklar bor. Bilasiz, musiqa sanʼatiga ham zamonaviy texnika vositalari jadal kirib kelmoqda. Ammo yoshlarimiz dutor, nay, rubob, sibizgʻa kabi milliy cholgʻu asboblarni unutmasliklari, ular haqida bilishlari kerak. Mana bu esa shashmaqom tushirilgan plastinka. Unda maqomning oltita taronasi bor.

Bir soʻz bilan aytganda, bu fidoyi inson toʻplagan kolleksiyaning turgan-bitgani xazina. Uni oʻlkashunoslik muzeyiga ham qiyoslash mumkin. Darvoqe, yaqin-yaqingacha Jondorda oʻlkashunoslik muzeyi boʻlar, xalq qahramoni Mahmud Torobiyga beshik boʻlgan yurt yoshlari shu goʻsha vositasida VII asrga taalluqli Varaxsha shahri, shuningdek, Shahri Islom qalʼasi, Qizbibi meʼmoriy majmuasi tarixidan, ulugʻ ajdodlarning hayotidan xabardor boʻlishardi. Afsuski, bu muzey eʼtiborsizlik qurboniga aylandi.

— Ushbu qadimiy osori atiqalarni koʻrib turganingizdek, bitta xonada saqlashga majbur boʻlyapmiz, — deydi Barot aka. — Negaki, joyimiz tor. Bir hovlida ikki oila istiqomat qilamiz. Vaholanki, har bir asori atiqani saqlashning maʼlum bir tartib-qoidasi bor.

— Chindan ham har bir nodir ashyoni tabiatidan kelib chiqqan holda asrash zarur, — deydi muzeyshunos, tarixshunos olimlardan biri Shavkat Bobojonov. —Tarixiy ashyolar saqlanadigan xonada havo harorati 18 – 20 daraja issiq, namlik esa 50 – 55 koʻrsatkichida boʻlishi kerak. Belgilangan tartibga muvofiq , har bir polkada toʻrttagacha kitobni ustma-ust qoʻyish mumkin. Xona derazalari tashqi tomondan quyoshdan saqlovchi oq boʻz, ichki tomondan qora mato bilan oʻralishi zarur. Alohida turdagi ashyolarni turli fondlarda saqlash maqsadga muvofiqdir.

Shuni alohida taʼkidlamoqchimizki, Barot aka tuman markazida bir chogʻroq muzey tashkil qilish, unda yillar davomida toʻplagan nodir asori atiqalarni qoʻyish va shu orqali aholi, xususan, yoshlarni ajdodlardan meros maʼnaviy boyliklardan bahramand etish taklifi bilan hokimligu koʻplab tashkilotlarga uchradi. Ammo bu joʻyali taklifga “Onangga bor, otangga bor” qabilida munosabatda boʻlinyapti.

Nahotki, Jondordek yirik tumanda shu masʼuliyatni oʻz zimmasiga oladigan, bu tashabbus ahamiyatini chuqur his etadigan kishi boʻlmasa?! Vaholanki, tuman markazida qarovsiz, tashlandiq holda yotgan bir-ikki sotixli yer istagancha topiladi.

— Mening pulga ehtiyojim yoʻq, — deydi qahramonimiz.— Oddiy bir tovarshunosman. Kasbim tufayli boʻlsa kerak qadimiy kitoblaru nodir ashyolarning qadru qimmatini yaxshi bilaman. Maqsadim shu noyob adabiyotu osori atiqalarni kelajak avlodga ziyon-zahmatsiz yetkazishga qaratilgan. Meni bir kun kelib eslab, duo qilishsa, bas.

Bu fidoyi yurtdoshimizning soʻzlarini tinglayotib, atayin qiziqib koʻrdik: tumanda 52 ta umumtaʼlim maktabi bor. Yoshlar taʼlim-tarbiyasiga daxldor yana bir qator muassasalar faoliyat yurityapti. Maktablarning oʻzida 30 ming atrofida jondorlik oʻgʻil-qiz tahsil olmoqda. Ularni ona-yurtga mehru muhabbat, ajdodlar merosiga, qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashda Barot aka toʻplagan asori atiqalar ham asqatadi. Qolaversa, muzey barpo qilinsa, u sayyohlar tashrif buyuradigan manzilga aylanishi tayin. Shunday ekan, tuman mutasaddilari savobtalab insonni qoʻllab-quvvatlashsa , Jondorda chogʻroq muzey barpo etilsa ayni muddao boʻlardi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?