Jomboydan Urgutga temiryoʻl liniyasi tortiladi
Foto: Urgut tumani hokimligi
Temir yoʻllar mamlakat iqtisodiyotining oʻziga xos qon tomirlari hisoblanadi. Yoʻlovchilar va xalq xoʻjalik yuklarini belgilangan manzillarga yetkazishda temir yoʻllarning oʻrni hamda roli beqiyos. Shu boisdan ham soʻnggi yillarda respublikamizning uzoq va chekka hududlariga olib boradigan turli yoʻnalishlar boʻyicha temir yoʻl tarmoqlari tortilib, poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyilmoqda.
Xususan, Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Samarqand viloyatining iqtisodiy salohiyatini yanada oshirish, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalarning eksport va import operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Urgut tumaniga temir yoʻl tarmogʻi tortish ishlari boshlandi.
Jomboydan Urgut tumani yoʻnalishi boʻyicha qurilishi rejalashtirilayotgan temiryoʻl qurilishi mazkur sohadagi yirik loyihalardan biridir. Temir yoʻlga tamal toshi qoʻyish tadbiriga qatnashgan transpori vaziri I. Mahkamov, Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi A. Boboyev va boshqa masʼullar yangi tarmoq hududda joylashgan aholining uzogʻini yaqin qilish bilan birgalikda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli mahsulotlarni xorij bozoriga eksport qilish imkoniyatini yanada oshirishini bildirib oʻtishdi.
- Mazkur yangi tarmoq yurtimiz temir yoʻl sohasidagi yirik loyihalardan biri. Buni qurishdan maqsad “Urgut erkin iqtisodiy zonasi”ning imkoniyatlarini kengaytirish va aholiga qulaylik yaratishdan iborat, - deydi “Temiryoʻl loyihasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati direktori Rasuljon Roʻziyev. - Bu orqali nafaqat “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi korxonalarining transport tarmogʻi yaxshilanadi, shu bilan birga aholi uchun qulaylik yaratiladi, hududda sayyohlik rivojlanadi.
Uzunligi 50 kilometrdan ortiq boʻlgan yangi tarmoq “Toshtemiryoʻlloyiha” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan bosh reja boʻyicha zamonaviy muhandislik yechimlari hisobga olingan holda yaratilgan. Jomboy tumani hududidan boshlanadigan yangi tarmoq bilan viloyatning nuroniylari tanishtirildi. Xayrli ish boshida otaxonlar duoga qoʻl ochib, yil oxiriga qadar barpo etilishi belgilangan temir yoʻl tarmogʻi uzoq yillar xalqimizga xizmat qilishini tilashdi.
- Urgutliklar tadbirkor halq. Bu loyihaning ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilishdagi ahamiyati katta, - deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi Urgut tumani boʻlimi raisi Farmon Azizov. - Buning negizida Prezidentimizning xalqimiz mehnatini qadrlashi, tadbirkorlarga boʻlgan katta eʼtibori yotibdi. Yurtboshimizga katta minnatdorchilik bildiramiz.
Jomboy tumanidagi “MAN” zavodi yaqinidan boshlanuvchi mazkur yangi temiryoʻl 4R238 avtomobil yoʻlini kesib, Zarafshon daryosi boʻylab oʻtadi va soʻngra ushbu daryo ustida barpo etiladigan koʻprik orqali Urgut tumaniga borishi rejalashtirilgan.
Bu tarmoqlar orqali rejaga koʻra, yoʻlovchilar ham tashiladi. Bekatlar aholi gavjum hududlarda tashkil etiladi. Masalan, Samarqand viloyatining Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh boʻlgan Urgut tumanida joylashgan “Jartepa” chegara bojxona posti yaqinida ham bekat quriladi. Bu esa Tojikistonliklar uchun yurtimizning istalgan hududiga temir yoʻl orqali yetib borish imkonini ham beradi.
Maʼlumot oʻrnida shuni aytish joizki, yuk va yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallangan mazkur yoʻlning umumiy uzunligi 55,6 kilometrni tashkil etadi. Loyihani 2026-yil yakuniga qadar foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
(Xalq soʻzi)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring