Jahon banki Oʻzbekistonga yana 100 mln dollarlik imtiyozli kredit ajratadi. Qarz 30 yilga past foizlarda beriladi

15:03 15 Iyun 2021 Iqtisodiyot
987 0

Oʻzbekistonning ikki janubiy viloyatidagi shaharlar “Oʻrta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida oʻzlarining munitsipal xizmatlari va infratuzilmalarini yaxshilashlari mumkin. Bu haqda Jahon banki maʼlum qildi.

Loyihaning ushbu komponentini amalga oshirish uchun 100 million AQSH dollar miqdorida qoʻshimcha mablagʻ ajratish Jahon banki Direktorlar Kengashi tomonidan tasdiqlandi. Jahon banki guruhining aʼzosi boʻlgan Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi uni Oʻzbekiston hukumatiga juda past foizda va 30 yilgacha boʻlgan muddatga imtiyozli kredit shaklida taqdim etadi.

Tadbirlar Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining alohida oʻrta shaharlarini qamrab oladi. Mamlakatning ushbu qismidan loyihada ishtirok etadigan shaharlarning yakuniy roʻyxati viloyat va shahar ijro hokimiyatlari bilan maslahatlashuvlar tugaganidan soʻng keyingi 6 oy ichida tasdiqlanishi rejalashtirilgan. Ularning ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlari va imkoniyatlari hisobga olinadi.

Ushbu ikki viloyatlarda loyihada ishtirok etadigan oʻrta shaharlar maxsus investitsion rivojlanish dasturlarini amalga oshirishni moliyalashtirish uchun mablagʻ olishadi. Ularning tarkibiga shahar infratuzilmasi va tegishli munitsipal xizmatlarni takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar kiradi.

Masalan, ushbu dasturlar doirasida quyidagilar moliyalashtirilishi mumkin: suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish va kengaytirish; elektr infratuzilmasi va koʻchalarni yoritish, avtomobil yoʻllari, piyodalar va jamoat transporti zonalarini modernizatsiya qilish; jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirish; jamoat joylarini, bogʻlarni, koʻchalarni va ularning tegishli infratuzilmasini rekonstruksiya qilish; tegishli aholi punktlari hududida madaniy meros obyektlarini saqlab qolish boʻyicha restavratsiya ishlarini olib borish.

Taxminan 4 million odam yoki har ikkala viloyatdagi umumiy aholining taxminan 70 foizi uchun takomillashtirilgan shahar infratuzilmasi va munitsipal xizmatlar, shuningdek yangi ish oʻrinlari yaratadigan loyiha tadbirlari natijasida ishga joylashish imkoniyatlarining kengayishi toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita foyda keltirishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер