Zamonaviy fotojurnalistika — anʼana, tajriba va mahorat uygʻunligi
Foto: “Xalq soʻzi”
Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan “Zamonaviy fotojurnalistika: anʼana, tajriba va mahorat uygʻunligi” mavzusida seminar-trening boʻlib oʻtdi.

Tadbirga taniqli fotojurnalistlar, jurnalist kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, talabalar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar jam boʻldi.
Tadbir avvalida qatnashchilar mahoratli suratkashlar ijodi jamlangan fotokoʻrgazma bilan tanishishdi.

Qayd etish joizki, bugungi zamonaviy texnologiyalar asrida ommaviy axborot vositalarini fotosuratlarsiz tasavvur qilish qiyin. Xoh bosma, xoh internet nashri boʻlsin, auditoriyaga axborotni toʻliq yetkazishda fotosuratlar muhim ahamiyat kasb etadi. Fotojurnalistlar ijodiy ishlari orqali gazeta-jurnallar, internet nashrlaridagi maqolalarni yanada jonlantiradi, ularning qiziqarli, oʻqishli boʻlishini taʼminlaydi.

Seminar-treningni Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov kirish soʻzi bilan ochib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yurtimizda media soha rivojini taʼminlash, ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida soʻz yuritdi. Bosma va internet nashrlarida faoliyat olib borayotgan fotojurnalistlarning ijodiy ishlarini eʼtirof etgan holda, “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda “Eng yaxshi fotoreportaj uchun” nominatsiyasiga alohida eʼtibor qaratib kelinayotganini taʼkidladi.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, taniqli fotojurnalist Abdugʻani Jumayev “Fotojurnalist — ijodkor” mavzusida maʼruza qildi.

— Milliy jurnalistika ravnaqida qanchadan-qancha mohir fotomuxbirlarning munosib hissasi bor. Fotografiya sanʼat, haqiqiy fotograf esa ijodkordir. Fotojurnalist voqelikning ichiga kirib, uni tasvirlash imkoniga ega, — dedi Abdugʻani Jumayev. — Yaxshi ijodkor-fotomuxbir hamma vaqt suratga olishdan oldin uning OAV sahifasida qanday joylashuvini nazarda tutmogʻi, voqelik haqida yetarlicha, real taassurot uygʻotish maqsadida suratga olish jarayonida barcha rakurs va planlarni moʻljallab olmogʻi lozim. Binobarin, fotojurnalist deganda, keng dunyoqarashga ega, ijodiy fikrlovchi, badiiy mushohada yurituvchi, maʼnaviyatli, maʼrifatli, oʻz ishiga fidoyi, atrofida yuz berayotgan voqelikka befarq boʻlmagan holda taʼsirchan, ishonarli obrazlar yaratayotgan ijodkor shaxsni tushunamiz. Haqiqiy ijodiy surat juda nozik jarayon hisoblanadi. Suratni qalbingda his qilsanggina ol. Fotografning yuragi barmogʻining uchida. Oʻsha kadrni bosayotgan lahzasidadir.
Seminar-treningda Oʻzbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti professori Dadaxon Yoqubovning “Milliy va xalqaro fotojurnalistika rivoji”, Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti katta oʻqituvchisi Husniddin Atoning “Internet jurnalistikasida fotomateriallarning oʻrni” mavzusidagi maʼruzalari ham tinglandi.

Seminar-trening ishtirokchilari zamonaviy fotojurnalistikaning rivojlanish anʼanalari, bugungi kunda fotojurnalistlar oldida turgan muhim vazifalar, mavjud muammolar, OAV fotomuxbirlarining kasbiy mahoratini oshirish, bosma va internet nashrlariga joylashtirilayotgan fotosuratlarning sifatli boʻlishini taʼminlash singari muhim masalalarni muhokama qilishdi, shuningdek, oʻz taklif-mulohazalarini bildirishdi.

Tadbir yakunida Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilingan bir guruh jurnalistlarga aʼzolik guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi.
Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
- “Oʻzbekiston – dunyoga hali ochilmagan ilm xazinasi” — Xalqaro avtomobil federatsiyasi Prezidenti
- Ona tili va adabiyot fanidan mustaqil oʻqish uchun tavsiya etilgan badiiy asarlar roʻyxati eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring