YUNKTAD Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi ijobiy oʻzgarishlarni eʼtirof etdi
BMTning Savdo va rivojlanish boʻyicha konferensiyasi (YUNKTAD) “Pandemiyadan keyingi xalqaro ishlab chiqarish” sarlavhasi ostida global investitsiyalar toʻgʻrisidagi hisobotni eʼlon qildi. Unda Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi ijobiy oʻzgarishlar ham aks etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Xususan, hisobotda qayd etilishicha, Oʻzbekistonga 2019-yilda jalb qilingan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalar hajmi uch baravar ortib, 266 foizni (2,3 milliard dollar) tashkil qildi. Kompaniyalarning kapital qoʻyilmalari hajmi daromadlarni qayta investitsiyalash bilan birga 231 foizga oʻsib, 2,1 milliard dollarga etdi.
YUNKTAD fikriga koʻra, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalar oqimining bir qismi amalga oshirilayotgan keng koʻlamli neft va gaz loyihalari bilan bogʻliq. Bundan tashqari, xorijiy kompaniyalar ishtirokida sanoatning turli sohalarida, jumladan, kimyo, toʻqimachilik va elektr energetikasida qator muhim investitsiya loyihalari amalga oshirildi.
Hisobotni ishlab chiquvchilar, shuningdek, yaqinda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha respublikada amalga oshirilgan choralarni ham alohida qayd etishdi. Xususan, Oʻzbekistonda yakka tartibdagi xususiy sheriklarga soliq imtiyozlarini berishni koʻzda tutuvchi davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini tartibga solishning yangi qonuniy asoslari yaratilgani, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Xorijiy investorlar kengashi tashkil etilgani, investitsiyalarni jalb qilishni osonlashtirish maqsadida “yagona oyna” tamoyili joriy qilingani va investor va davlat oʻrtasidagi nizolarni hal etishning koʻp qirrali mexanizmi tatbiq etilgani taʼkidlandi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi, maʼlum talablar bajarilganda mehmonxonalar qurayotgan investorlarga subsidiyalar berish dasturi ishga tushirildi va 64 davlat korxonalari, shu jumladan energetika sohasida xususiylashtirish dasturi qabul qilindi.
Hisobotda, 2020-yil yakunlariga koʻra, pandemiya tufayli toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalari oqimi hajmi dunyoda 40 foizga, 2021-yilda esa yana 5-10 foizga kamayishi taʼkidlangan. Shu bilan birga, joriy yilda MDH mamlakatlari va Janubi-sharqiy Yevropa davlatlari uchun 2019-yil 1,54 trillion dollarni tashkil qilgan investitsiyalarning qariyb 38 foizga kamayishi bashorat qilinmoqda. Bu sarmoyalar hajmi 2005-yildan beri ilk bor 1 trillion dollardan pastga tushishini anglatadi.
Iqtisodiy oʻtish davri mamlakatlarida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 59 foizga oʻsib, 55 milliard dollarga yetdi. Bu Rossiya, Ukrainadagi investitsiyalarning oʻsishi va Oʻzbekistonda iqtisodiyotni erkinlashtirish boʻyicha koʻrilayotgan keng koʻlamli choralar bilan izohlanadi.
Eslatib oʻtamiz, YUNKTAD hisoboti 1991-yildan beri doimiy eʼlon qilib kelinadi. Unda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning dolzarb masalalari, ularni rivojlantirish samaradorligi, shuningdek, milliy iqtisodiyotlarning oʻzgaruvchan global investitsiya tendensiyalariga moslashish qobiliyati aks ettiriladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring