Yoshlarning har bir muvaffaqiyati – xalqimizning yutugʻi

16:18 07 Avgust 2025 Jamiyat
211 0

Foto: «Xalq soʻzi»

Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari

Keyingi yillarda yoshlarga sifatli taʼlim-tarbiya berish, xorijiy tillarni oʻrgatish, kasb egallab, hayotda munosib oʻrin topishiga koʻmaklashish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Bu borada olib borilayotgan islohotlarning samaralari oʻgʻil-qizlarimizning erishayotgan natijalarida ham oʻz ifodasini topmoqda. Xususan, oʻtgan yili 150 mingdan ziyod yigit-qizlar xalqaro til sertifikatlarini oldi. Bu — 2023-yildagiga nisbatan 2 baravar koʻp. 2024-yilda yurtimiz yoshlari “TOP — 500”talik oliygohlariga kirish boʻyicha Markaziy Osiyoda birinchi oʻrinni egalladi.

Navqiron avlodga keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilayotir. Ana shunday shart-sharoitlardan unumli foydalanib, oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarayotgan yoshlar safi tobora kengayib bormoqda. Nafaqat yurtimiz, balki xalqaro miqyosda ham oʻz bilimi, tashabbuskorligi bilan tanilib, minglab tengdoshlariga ibrat boʻlayotgan Munisa Murodova ham yangi Oʻzbekistonning ana shunday isteʼdodli yoshlaridan biridir.

U shu yil 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan Prezidentimizning navqiron avlod vakillari bilan muloqotida qatnashib, oʻz takliflarini bildirdi. Eʼtiborlisi, uning gʻoyalari Yurtboshimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

— Mamlakatimizning eng iqtidorli va isteʼdodli deya eʼtirof etilgan yoshlari safida Prezidentimiz bilan uchrashish baxtiga muyassar boʻlganim menga nafaqat cheksiz faxr va iftixor, balki katta masʼuliyat ham yuklaydi, — deydi ayni paytda Singapur menejmentni rivojlantirish institutining “Biznes va moliya boshqaruvi” yoʻnalishida tahsil olayotgan Munisa Murodova. — Shu kuni Prezidentimiz yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida har bir maktab oʻquvchisining startap gʻoyasini rivojlantirish uchun 100 milliard soʻm mablagʻ ajratilishini eʼlon qildi. Mening “Kelajak yoʻli” loyiham ham ayni shu tashabbus bilan uygʻunlashib, Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 33 ta maktabda 8 — 10-sinf oʻquvchilari uchun sinov tariqasida joriy etilishi koʻzda tutilgan. Kelgusida esa loyiha Toshkent shahri boʻylab barcha tumanlarga bosqichma-bosqich tatbiq qilinishi rejalashtirilyapti. Ushbu loyiha oʻquvchilarga biznes strategiyasi, SMM, IT, sunʼiy intellekt hamda jurnalistika yoʻnalishlarida bepul taʼlim olish imkonini yaratadi.

Barcha ezgu amal niyatga bogʻliq

Munisa Murodovaning yetakchilik faoliyati 2022-yilda maktab sardori etib saylanishi bilan bogʻliq, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. Oʻsha paytdan u maktabda ijtimoiy, maʼnaviy va innovatsion loyihalarni faol tashkil etishga kirishdi. “Yilning eng yaxshi oʻquvchisi” sifatida tan olinib, IT-parkda bepul taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻldi.

2023-yilda Munisa Oʻzbekiston tarixida ilk bor “DreamSat” loyihasi doirasida “nanoCubeSat” sunʼiy yoʻldoshini stratosfera qatlamiga muvaffaqiyatli uchirishda qatnashdi. Bu ilmiy loyiha orqali u yosh tadqiqotchi va jamoa koordinatori sifatida tanildi.

2024-yilda esa “NASA Space Apps Challenge” xalqaro xakatonida “AstroTech Innovators” jamoasi bilan “Climate and Gender” mavzuida yuqori natija koʻrsatib, “TOP — 10” jamoa qatoridan joy oldi.

Shuningdek, Munisa Turkiyada oʻtkazilgan “TEKNOFEST — 2024” xalqaro aerokosmik festivalida jamoasi bilan dron va raketa yoʻnalishlarida “TOP — 5”talikka kirishga erishdi. Bu orqali yosh hamyurtimiz oʻzbek yigit-qizlari ilm-fan va texnologiyalar sohasida xalqaro maydonda ham raqobatlasha olishini isbotladi.

Bu muvaffaqiyatlari uchun u “Behbudiy” va “Yuksak ehtirom” koʻkrak nishonlariga loyiq koʻrilgan. Ayni paytda Munisa Murodova xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi huzuridagi Yoshlar maslahat guruhi aʼzosi hamdir.

Taʼlimsiz taraqqiyot, ilm-fansiz yuksalish yoʻq

Poytaxtimizdagi nufuzli oliy taʼlim muassasasi — Singapur menejmentni rivojlantirish instituti (MDIST)da tahsil olayotgan Munisa Murodova oʻz bilimlarini xalqaro loyihalarda qatnashish, ilmiy tadqiqotlar olib borish va innovatsion tashabbuslar bilan uygʻunlashtirib bormoqda. Joriy yilda u ingliz tilida ilmiy tadqiqot tayyorlab, universitet doirasida taqdimot qildi. Ushbu ish oʻsmirlarning raqamli muhitdagi ijtimoiy munosabatlari hamda kommunikatsiya koʻnikmalariga taʼsirini oʻrganishga qaratilgan.

Shuningdek, u oʻzining estetik-intellektual qobiliyatini namoyon etib, “MISS MDIST — 2025” tanlovida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Bu tanlov “MDIST” tomonidan har yili eng iqtidorli, faol va ilhomlantiruvchi talabalarni aniqlash maqsadida oʻtkaziladi. Tanlovda nafaqat tashqi koʻrinish, balki nutq madaniyati, sahnada oʻzini tutish, ijtimoiy faollik, yetakchilik salohiyati va gʻoyaviy kuch baholanadi. Munisaning intellekti, ijtimoiy loyihalardagi faolligi, chuqur mulohazalari va oʻziga xos tashabbuslari hakamlar hayʼatining eʼtirofiga sazovor boʻldi. Bu yutuq uning koʻp qirrali — yetakchi, innovator, tadqiqotchi va estetik fikrlovchi yoshlarimizdan biri sifatida shakllanganini isbotladi.

Munisa Murodova kabi zamonaviy oʻzbek yoshlarining tashabbuskorligi, bilimga chanqoqligi bilan erishayotgan muvaffaqiyatlari butun xalqimizning yutugʻidir. Ularning faoliyati oʻz tengqurlari uchun nafaqat ilhom, balki amaliy yoʻl-yoʻriq, ragʻbat va ishonch manbai boʻlib ham xizmat qiladi. Bu esa orzularini rejaga, loyihalarini esa haqiqatga aylantira oladigan yetakchi oʻgʻil-qizlarning safi koʻpayishiga turtki beradi. Bunday yoshlar Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avloddir.

Fazliddin ABILOV (“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?