“Yoshlar ovozi” tanlovi — yosh iqtidorlar uchun muhim yoʻllanma

15:45 22 May 2024 Jamiyat
268 0

Isteʼdod, hayrat va olqishlar… 3 yildan buyon Qoraqalpogʻiston Respublikasining Boʻzatov tumanida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Yoshlar ovozi” tanlovi ushbu soʻzlarni oʻzida mujassam etgan. U shunchaki tanlov emas, doʻstlik, sanʼat va imkoniyatlar bayrami, desak adashmaymiz.

“Boʻzatov iqtidorlarni kashf etadi!” Bu soʻzlar bugun yoshlarning shioriga aylanib ulgurdi. Mamlakatimizning markazlaridan tortib chekka hududlarida yashayotgan, oʻzining noyob isteʼdodini koʻrsatishga hozir turgan yoshlar uchun bu musobaqa chin maʼnodagi minbarga aylangan.

Ushbu tanlov davlatimiz rahbarining 2020-yil 2-oktyabrdagi qoraqalpoq yoshlari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvdagi topshirigʻi asosida yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, madaniyat va sanʼat sohasida yosh isteʼdodlarni kashf etish, ularni qoʻllab-quvvatlash, katta sahnalarda oʻz sanʼatini namoyish etishi uchun keng yoʻl ochib berishni maqsad qilgan. Qayd etish joizki, oʻylangan maqsadlar, qilingan niyatlar koʻp kuttirmay samara berdi, yoshlar sekin-asta katta marralarni zabt eta boshlashdi.

Tanlov ilk bor 2021-yil 2 yosh toifasi — 5-15 va 16-30 yoshlilar oʻrtasida anʼanaviy ijro va baxshichilik, opera, estrada yoʻnalishi boʻyicha 3 ta bosqich — tuman-hudud-respublikada oʻtkazildi. Oʻsha yili unda uch mingdan ortiq yoshlar ishtirok etib, 88 nafari respublika bosqichida oʻzaro bellashdi. Tanlov gʻolibi boʻlgan 18 nafar yoshdan bugungi kunga qadar 1 nafari “Shuhrat”, 3 nafari “Kelajak bunyodkori” medali, 2 nafari “Nihol” mukofoti bilan taqdirlandi.

2022-yilgi tanlovda 1 oʻrinni qoʻlga kiritgan 12 nafar iqtidorli yoshlar esa 2023-yilning 17-28-may kunlari Italiya davlatida malaka oshirib, “Oʻzbekiston madaniyati” haftaligida konsert dasturlari bilan ishtirok etdi. Shuningdek, “Anʼanaviy ijro” yoʻnalishida gʻolib boʻlgan Sherbek Shavkatov 2023-yil 10-18-noyabr kunlari Rossiya federatsiyasining Moskva shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro “Nashe pokoleniya” tanloviga, “Estrada” yoʻnilishida gʻolib boʻlgan Firdavs Avezov esa “Golos deti” tanlovlariga imtiyozli tarzda yuborildi. Bir soʻz bilan aytganda, yoshlarimiz xorijda ham oʻzbek sanʼatini namoyish qilishdi.

Xoʻsh, yoshlar tanlovda isteʼdodini koʻrsatishdi, gʻolib boʻlishdi, sovrin-u mukofotlar olishdi, keyinchi?

Asosiysi keyinchalik ham ular eʼtibordan chetda qolgani yoʻq, hamisha oʻz ustida ishlashlari va yangi natijalarni qoʻlga kiritishlari uchun zamin yaratildi. Yaʼni, tanlov gʻoliblarining isteʼdodini doimiy ravishda namoyish qilib borish, ijod qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida “Yoshlar ovozi” prodyuserlik markazi tashkil etildi. Ularning mahorati ayni paytda ham rivojlantirib borilmoqda.

— Oʻzbekiston — yoshlar, yosh isteʼdodlar oʻlkasi, ularning yoniq koʻzlariga boqib yurtimiz ertasi nurafshonligini bemalol koʻrish mumkin, — dedi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev. — Ularni ozgina boʻlsa-da ilhomlantirolgan, yangi marralar sari unday olgan boʻlsak, demak maqsadimiz sari yana bir qadam yaqinlashibmiz. “Yoshlar ovozi” koʻplab iqtidor egalarini kashf qildi va bu xayrli ish hali koʻp yillar davom etajak.

Qayd etish joizki, tanlovning bu yilgi bosqichi ham oʻziga xos shukuhda oʻtdi. Respublika bosqichiga yoʻllanma olgan isteʼdod egalari Qoraqalpogʻiston Respublikasining Boʻzatov tumanida jam boʻldi.

Joriy yil “Yoshlar ovozi” tanlovi mahallalarda yoshlar bilan ishlash boʻyicha yaratilgan yangi tizim asosida tashkil etildi, yaʼni yoshlar yetakchilari tomonidan amalga oshirilgan targʻibot tadbirlari natijasida 248,3 ming nafar yoshlar tanlovda qatnashdi. Koʻrinib turibdiki, bu yil ishtirokchilar soni oldingi yillarga nisbatan ancha oshgan.

Baxshichilik, anʼanaviy ijro, opera, estrada yoʻnalishlari boʻyicha 3 yosh toifasi — 10-15, 16-22, 23-30 yoshlilar oʻrtasida 5 ta bosqich — mahalla-sektor-tuman-hudud-respublikada bosqichida tashkil etildi.

Tanlovning 152 nafar yosh oʻzaro bellashayotgan yakuniy bosqichini Oʻzbekiston Qahramoni Munojat Yoʻlchiyeva, Oʻzbekiston xalq artistlari Ismoil Jalilov va Mansur Toshmatov, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Shirin Mamatova, professor Botir Matyoqubov kabi hakamlar hayʼati baholab borishdi.

Umumiy mukofot jamgʻarmasi 2 mlrd 520 mln soʻm boʻlgan tanlovning respublika bosqichida 4 ta yoʻnalishda 12 nafardan yosh mukofotlandi. 1 oʻrinni egallaganlar 50 mln soʻmdan, 2 oʻrinni egallaganlar 30 mln soʻmdan, 3 oʻrinni egallaganlar esa 20 mln soʻmdan pul mukofoti bilan taqdirlandi. Shuningdek, oxirgi bosqichgacha yetib kelgan 132 nafar ishtirokchi ham 10 mln soʻmdan pulga ega boʻlishdi.

— Ushbu tanlov hayotim kitobida yangi sahifalar ochdi va uni unutilmas lahzalar, yutuqlar, doʻstlar bilan bezadi, — dedi opera yoʻnalishining 16-22 yosh toifasidagi gʻolibi Azizbek Usmonov. — Qoraqalpoq sari yoʻl olar ekanmiz, bir on boʻlsa-da xayolimdan “men aniq gʻolib boʻlishim kerak” degan oʻy kechmadi. Asosiy maqsadim oʻz iqtidorimni koʻrsatish, boshqa viloyatlardagi opera sohasini tanlagan doʻstlarim bilan tanishish edi. Bugun shu niyatlar amalga oshdi, buning uchun tashkilotchilarga alohida minnatdorlik bildiraman.

Tanlovning respublika bosqichi yakunida taniqli sanʼatkorlar va tanlov gʻoliblari ishtirokida gala-konsert tashkil etildi. Unda 15 mingdan ortiq Boʻzatov aholisi ishtirok etdi, haqiqiy sanʼat bayramiga guvoh boʻldi, desak mubolagʻa emas.

Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер