Yoshlar — mamlakat taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi

11:34 06 Mart 2026 Siyosat
260 0

Yoshlar – ertaning egasi. Chin maʼnoda egalarni ulgʻaytirish uchun bugundan harakat qilinadi. Ularning taʼlim-tarbiyasiga masʼuliyat bilan qaraladi, shu sohaga zarur darajada investitsiya yoʻnaltiriladi.

Mamlakatimiz jami aholisining taxminan 26 foizini 30 yoshgacha boʻlganlar tashkil etadi. Bu koʻrsatkich mamlakat taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi aynan yoshlar ekanini anglatadi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar, ishlab chiqilayotgan dasturlar va yaratilayotgan sharoitlar avvalo ana shu avlod taqdiriga daxldor. Yoshlar bilimli va tashabbuskor boʻlsa, iqtisodiy oʻsish barqarorlashadi, jamiyatda yangilanish kuchayadi.

Bugun yoshlar bilan ishlash tartibi oʻzgardi, ularning muammolari joyida oʻrganilib, tashabbuslari esa amalda ragʻbatlantirilmoqda. Davlat yoshlarni qoʻllab-quvvatlashni vazifa sifatida emas, kelajakka sarmoya sifatida koʻrmoqda.

Oʻtgan yilgi maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda qariyb 200 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari mavjud boʻlib, ulardan 30 tasi xorijiy universitetlar va ularning filiallari hisoblanadi. Shu bilan birga, 80 dan ortiq texnikum va kollejlar hamda 50 dan ortiq ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar yoshlarning zamonaviy bilim va kasb egallashiga xizmat qilmoqda. Taʼlim muassasalari sonining ortishi yoshlar uchun tanlov imkoniyatlarini kengaytirdi, ular oʻz qiziqishi va qobiliyatiga mos yoʻnalishni erkin belgilay oladigan boʻldi.

Yaratilgan keng imkoniyatlar samarasida soʻnggi yillarda yoshlarimiz jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush va 221 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi. Bu koʻrsatkichlar taʼlim sifatini oshirish, iqtidorli yoshlarni erta aniqlash va ularni maqsadli tayyorlash borasidagi ishlar oʻz samarasini berayotganini tasdiqlaydi.

Eng nufuzli xalqaro oliygohlarda tahsil olayotgan yoshlarimiz safi tobora kengayib borayotgani alohida eʼtiborga loyiq. Bugun Harvard University, Yale University, Princeton University, Columbia University, Cornell University kabi dunyoning eng nufuzli oliy taʼlim maskanlarida tahsil olayotgan yoshlarimiz 500 nafardan oshgani faxr tuygʻusini uygʻotadi.

Bundan ham quvonarlisi, jahon universitetlari reytingining TOP-100 taligida oʻqiyotgan oʻgʻil-qizlarimiz soni 3,5 ming nafardan ziyod. Bu koʻrsatkichlar yoshlarimizning salohiyati, intilishi va qatʼiyati xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilayotganini yaqqol namoyon etadi. Bu koʻrsatkichlar mamlakatimizda zamonaviy bilimga boʻlgan ehtiyojga javob berilayotganini koʻrsatadi.

Yana bir muhim jihat shundaki, taʼlim olayotgan yoshlar orasida xotin-qizlar ulushi tobora ortib bormoqda. Bu esa yurtimizda ayollarning ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan tizimli islohotlar samarasidir. Bugun xotin-qizlar nafaqat taʼlimda, balki boshqaruv, tadbirkorlik, ilm-fan va jamoatchilik hayotida ham faol ishtirok etmoqda.

Xususan, 2022–2023 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalari, texnikum va kollejlarda, shuningdek sirtqi hamda kechki taʼlim shaklida tahsil olayotgan xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlari davlat tomonidan qoplab berilayotgani muhim qadam boʻldi. Bu qaror koʻplab oilalar uchun yengillik yaratib, minglab qizlarning orzulariga qanot bagʻishladi.

Mazkur chora-tadbirlar xotin-qizlarning taʼlim olish yoʻlidagi iqtisodiy toʻsiqlarni bartaraf etib, ularning bilim va kasbiy salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishiga xizmat qilmoqda.

Joriy yilning 24-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizning faol va iqtidorli yoshlari bilan ochiq va samimiy muloqot oʻtkazdi. Mazkur uchrashuv yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini, ularning taqdiri va kelajagi doimo eʼtibor markazida turishini yana bir bor tasdiqladi.

Samimiy va ochiq ruhda kechgan muloqot jarayonida yoshlar oʻz fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslarini bevosita bayon etish imkoniga ega boʻldi. Eng muhimi, bildirilgan takliflar shunchaki eshitilib qolmay, ularni amaliyotga tatbiq etish mexanizmlari ham belgilab berildi. Bu jihat davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlarga oid siyosat puxta oʻylangan va amaliy natijalarga yoʻnaltirilganini koʻrsatadi.

Ayniqsa, har payshanba kuni vazirlik va idoralarda “Yoshlar kuni” joriy etilishi davlat boshqaruvi tizimida yoshlar bilan ishlashni mutlaqo yangi institutsional darajaga olib chiqadi. Bu amaliyot orqali yoshlar muammolari kabinetlarda emas, bevosita muloqot jarayonida muhokama qilinadi, taklif va tashabbuslar esa real qarorlarga aylanadi.

Maʼlumotlarga koʻra, har yili mehnat bozoriga 600 mingga yaqin yoshlar kirib kelmoqda, 2030-yilga kelib bu raqam 1 millionga yetadi. Shu bois, yoshlar uchun oʻz qobiliyati va malakasiga mos ish topish imkoniyatlarini yaratish eng ustuvor masalalardan biri sifatida qaralmoqda.

Shu munosabat bilan Prezidentimiz yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshimcha 200 million dollar ajratilishini eʼlon qildi. Ushbu mablagʻ yoshlar oʻz biznesini boshlash, faoliyatini kengaytirish yoki innovatsion startap loyihalarini amalga oshirishda moliyaviy yordam beradi. Bu jarayon yoshlarni ish qidiruvchidan yangi ish oʻrinlari yaratadigan tadbirkorlarga aylantiradi.

Taʼkidlash joizki, endilikda yoshlar siyosati faqat iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash bilan cheklanib qolmaydi. Volontyorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga har yili 62 milliard soʻm ajratilishi, eng yaxshi volontyorlik loyihalariga 100 million soʻmgacha grant berilishi fuqarolik jamiyatini mustahkamlash va ijtimoiy faollikni oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularning ipoteka qarzlari boʻyicha 14 foizdan yuqori foiz stavkasi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi. Bu chora yosh oilalarga uy-joy masalalarini yengilroq hal qilish imkonini yaratadi.

Yurtimizda kitobxonlikni ragʻbatlantirish ham davlat siyosatida muhim yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda ijodkorlarga oyiga 20 million soʻmlik ijodiy buyurtmalar beriladi, maktablarda esa eng faol kitobxonlarga 10 million soʻmdan mukofot taqdim etiladi. Bu qarorlar nafaqat yoshlarning madaniy va intellektual rivojiga, balki ularning ijodiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.

Taʼlim, tadbirkorlik, innovatsiya, madaniyat va ijtimoiy faollik sohalarida yaratilayotgan keng imkoniyatlar yoshlarni bilimli, tashabbuskor va maqsadga intiluvchi avlod sifatida shakllantiradi. Shu yoʻl bilan mamlakatimiz yoshlari oʻz salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarib, iqtisodiy oʻsish va ijtimoiy yangilanishning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер