Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va fiskal barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi
10-dekabr kuni Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasining majlisida 2026-yilda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va fiskal barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Majlisda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 2026-yilda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan ustuvor yoʻnalishlar dasturi loyihasi taqdimot qilindi. Dasturda soliq madaniyatini oshirish, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida shaffoflikni kuchaytirish, raqamli nazoratni keng joriy etish, soliq va bojxona maʼmurchiligini takomillashtirish kabi 8 ta ustuvor yoʻnalish belgilangan.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda olib borilayotgan tizimli islohotlar natijasida yashirin iqtisodiyot ulushi yalpi ichki mahsulotga nisbatan sezilarli darajada qisqargan. Joriy yilning 9 oyida mazkur keskinlikning pasayishi kuzatilgani qayd etildi.
Shu bilan birga, majlisda Soliq qoʻmitasi hamda Qurilish, uy-joy va kommunal xoʻjaligi vazirliklari tomonidan amalga oshirilgan ishlar ham koʻrib chiqildi. Xususan, soliq organlarida joriy etilgan “korxonabay” va “mahallabay” tizimlari orqali 55,7 mingta tadbirkorlik subyektining faoliyati qonuniylashtirilgan, 72,1 mingta korxonada 111,7 mingdan ortiq xodimlar bilan mehnat shartnomalari rasmiylashtirilib, byudjetga qoʻshimcha daromad soligʻi tushumlari taʼminlandi.
Qurilish sohasida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining keng joriy qilingani, uning mehnat munosabatlari tizimi bilan integratsiyasi natijasida qurilish-pudrat tashkilotlarida ish haqi mablagʻlarining keskin oshgani qayd etildi. Bunda 2024-yildagi 602,7 mlrd soʻmlik soliq hisoblangan ish haqi hajmi 2025-yilda 7,1 trln soʻmga yetgani alohida taʼkidlandi.
Muhokama jarayonida ayrim muammo va kamchiliklarga ham eʼtibor qaratildi.
Jumladan, xodimlar sonini yashirish, eng kam ish haqidan past maosh rasmiylashtirish, ustav jamgʻarmasi orqali soliqdan qochish kabi holatlar hali ham uchrayotgani taʼkidlandi. Qurilish sohasida korrupsiya xavflarini kamaytirish, byudjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanish, “konvert” usulida toʻlanadigan ish haqining oldini olish choralari muhokama qilindi.
Senatorlar raqamlashtirish jarayonlarini yanada tezlashtirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, soliq toʻlovchilar bilan hisob-kitob qilish tizimini soddalashtirish, tadbirkorlarga koʻmaklashish va QQSni qaytarish tartibini takomillashtirish boʻyicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Muhokama yakunida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Oʻzbekistonda naqd pulga uy-joy va mashina oldi-sotdisi bekor qilinadi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Avstraliyada 16 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlandi
- Uchinchi Renessansga eltuvchi maʼrifat koʻprigi: Oʻzbekiston—Pokiston hamkorligining yangi bosqichi
- Muhammad Saloh faoliyatini Saudiyada davom ettirishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring