Yangi quvvatlar ishga tushirildi

12:54 29 Avgust 2025 Jamiyat
113 0

Xorazm viloyatida sanoat ishlab chiqarishi, xizmatlar koʻrsatish sohalari jadal rivojlanib, yalpi hududiy mahsulot hajmi barqaror surʼatda oshib boryapti. Mustaqillik bayrami arafasida “Xonqa billur salt” korxonasining 2-navbati, “Arton Urganch invest” masʼuliyati cheklangan jamiyati va boshqa bir nechta yangi loyihalar ishga tushirildi.

“Xonqa billur salt” korxonasi tomonidan amalga oshirilgan ekstra tuz olish loyihasining umumiy qiymati 10 mln dollar boʻlib, yiliga 60 mlrd soʻmlik mahsulot ishlab ishlab chiqarish quvvatiga ega. Yangi sexda vakuum-bugʻlanish usulida soatiga 5 tonna ekstra tuz ishlab chiqariladi. Texnologik uskunalar Turkiyadan olib kelingan, yana yoshlardan 70 nafari doimiy ish bilan taʼminlandi.

— Muhimi, zarur xomashyo oʻzimizga yaqin hududdan, Qoraqalpogʻistonning Qoʻngʻirot tumanidan keltiriladi, — deydi korxona rahbari Nuraddin Jumaniyozov. — Korxonaning 1-navbati 2016-yilda ishga tushirilgan boʻlib, xalqaro sifat sertifikatiga ega boʻlgan 10 xil turdagi tuz mahsulotlarini ishlab chiqaryapmiz. Yod bilan boyitilgan osh tuzi hamma joyda doimiy isteʼmol qilinishi sababli mahsulotga ichki bozorda ham, tashqi bozorda ham doim talab bor. Zamonaviy koʻrinishda, chiroyli qadoqlangan tuz mahsulotlarini Tojikiston va boshqa davlatlarga eksport qilyapmiz. Endilikda yangi texnologiya joriy qilinishi bilan korxonaning eksport imkoniyatlari yanada ortadi.

Maʼlumki, keyingi yillarda viloyatda qurilish va obodonlashtirish ishlari hajmi bir necha barobar oshdi. Shu bois arzon va sifatli qurilish materiallariga boʻlgan talab ham yildan-yilga ortib bormoqda. Ana shu ehtiyojdan kelib chiqib, “Arton Urgench Invest” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan avtoklav usulida gazoblok ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi. Loyihaning umumiy qiymati 16 mln dollar boʻlib, quvvati yiliga 200 ming metr kub gazoblok ishlab chiqarishga moʻljallangan. Texnologik uskunalar Xitoydan keltirilgan, zarur xomashyo resurslari: kvars qum, ohak, sement, gisp mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olinadi. Yiliga 3 mln dollarlik mahsulotni Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan. Loyiha ishga tushishi bilan 200 nafar yoshlar uchun yangi ish oʻrni ochildi.

— Gazoblok qurilish materiali sifatida pishgan gʻishtga qaraganda bir qator afzalliklarga ega, — deydi korxona rahbari Alisher Raxmetov. — Jumladan, shovqindan saqlash va issiqlik izolyatsiyasi gʻishtga nisbatan ancha yaxshi, gazoblokdan tiklangan devor shkaturkaga muhtoj emas. Muhimi, gazoblokli devor pishgan gʻishtga nisbatan 45 foiz arzonga tushadi. Shu bois, ushbu loyiha, albatta, oʻzini oqlab, qurilish materiallari bozorida munosib oʻrnini topadi.

Umuman, joriy yilda Xorazm viloyatida 124 ta loyiha boʻyicha 1,5 mlrd dollar miqdoridagi xorijiy investitsiyalar oʻzlashtiriladi. Bu oʻtgan yilga nisbatan 2,3 barobar koʻpdir. Natijada lak-boʻyoq mahsulotlari, maishiy texnikalar, tikuv mashinalari, quyosh panellari kabi yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Ana shunday yangi quvvatlarni ishga tushirish hisobiga joriy yilning oʻtgan 6 oyida viloyatda eksport hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ortdi. Kambagʻallik darajasi 11,9 foizdan 6,8 foizga kamaydi, ishsizlik darajasi 5,3 foizdan 4,7 foizga tushdi. Bu yil yana 300 mingta yangi ish oʻrni yaratish orqali ishsiz fuqarolarni, jumladan, bitiruvchilarni, migratsiyada yurgan yoshlarni bandligini taʼminlash choralari koʻrilyapti. Asosiysi, viloyatda yillik 6-7 foizlik iqtisodiy oʻsish taʼminlanadi, yalpi hududiy mahsulot hajmi 60 trln soʻmga yetkaziladi.

Odilbek ODAMBOYEV

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?