“Yangi Oʻzbekiston” massivi — barchasi bir hududda jamlangan
Bugun Yangi Oʻzbekiston degan tushuncha faqat gʻoya yoki shior emas, balki har bir hudud, har bir mahallada oʻz ifodasini topayotgan real hayotiy jarayon. Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan aholini arzon, sifatli va zamonaviy uy-joylar bilan taʼminlash maqsadida barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivlari ana shu ulugʻ maqsadning amaliy natijasidir.
Ayni paytda Surxondaryo viloyati ham keng koʻlamli yangilanishlar maydoniga aylanib bormoqda. Boysun, Sariosiyo, Jarqoʻrgʻon, Angor va Termiz tumanlarida foydalanishga topshirilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivlari viloyat aholisi hayotiga yangi mazmun, yangi ruh olib kirmoqda. Ularda faqat turar-joy emas, balki yashash, oʻqish, ishlash va dam olish uchun moʻljallangan mukammal muhit yaratilmoqda.
Ayniqsa, Termiz tumanidagi Yangiobod mahallasida barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivi oʻz koʻlami va qamrovi bilan viloyatdagi eng yirik loyihalardan biri sifatida eʼtiborni tortadi. Bu yerda 6 ming 280 xonadonli 74 ta osmonoʻpar koʻp qavatli uylar, 2 ming 640 oʻrinli ikkita maktab, 420 oʻrinli ikkita maktabgacha taʼlim muassasasi, 200 qatnovga moʻljallangan oilaviy poliklinika, mahalla markazi qad rostlamoqda. Shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi, amfiteatr, muzey, oliy taʼlim muassasasi va yotoqxona, sanoat zonasi barpo etilayotgani bu hududni tom maʼnodagi yangi shaharchaga aylantirmoqda.
— Bu massiv faqat uy-joylar majmuasi emas, balki Surxondaryoning ertangi qiyofasini belgilab beradigan strategik loyihadir, — deydi viloyat hokimining matbuot kotibi, axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi Murodbek Davlatov. — Barcha ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy obyektlarni bir hududda jamlash orqali odamlar uchun qulay hayot muhiti yaratilmoqda. Bu yerda bolalar bogʻchasidan tortib oliy taʼlim muassasasigacha, ish joyidan dam olish maskanlarigacha barchasi mavjud. Bunda Yangi Oʻzbekiston siyosatining hududlardagi aniq ifodasini koʻrish mumkin.
Yangi yil arafasida mazkur massiv yanada fayzli tus oldi. Viloyatning asosiy Yangi yil archasi aynan shu yerda — amfiteatr maydonida oʻrnatilib, konsert dasturlari va ommaviy bayram tadbirlari tashkil etilmoqda. Bu holat ham ramziy maʼnoga ega: Yangi yil, yangi orzular va yangi hayot — barchasi “Yangi Oʻzbekiston” massivida mujassam.
Bu yerda yashab, yangi hayot boshlayotgan oilalarning quvonchi esa har qanday raqam va hisobotdan koʻra eʼtiborliroq. Yosh oila vakili Mohinur va Farrux Haydarovlar shular jumlasidandir.
— Ilgari ijarada yashardik, oʻz uying boʻlmaganidan keyin kelajakka ishonch ham mustahkam boʻlmas ekan, — deydi Farrux. — Bu yerdan uy olib koʻchib kelganimizdan keyin hayotimiz oʻzgardi. Hamma narsa yaqin: bolamiz bogʻchaga boryapti, atrof toza, xavfsiz. Bu massivda yashash faqat sharoit emas, ruhiy xotirjamlik ham beryapti. Bolalarimiz zamonaviy muhitda ulgʻayyapti. Eng muhimi, oʻz uyimiz bor.
Darhaqiqat, Termiz tumanidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivi bugun Surxondaryoning tashrif qogʻoziga aylanmoqda. Osmonoʻpar binolar, ijtimoiy soha obyektlari, bogʻu amfiteatr, muzey va sanoat zonasi — barchasi bir hududda jamlanib, viloyat taraqqiyotining yorqin ramziga aylanmoqda.
Markaziy Yangi yil archasining ham aynan shu yerda yonishi bejiz emas. Bu — yangi hayotga ishonch, ertangi kunga umid va Yangi Oʻzbekiston gʻoyasining Surxondaryodagi amaldagi ifodasidir.
Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- “Insoniyat sivilizatsiyasiga asos boʻlgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan” — Paragvay Prezidenti
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring