Yangi kunni orzulab oʻtgan maʼrifatparvar inson xotirasiga ehtirom koʻrsatildi

18:10 21 Mart 2021 Madaniyat
1839 0

Bugun 21-mart — maʼrifatparvar shoir, atoqli tilshunos, tarixshunos olim, ilk oʻzbek matbaachilaridan biri, publitsist va pedagog Isʼhoqxon Ibratning tavallud kunidir. 1862-yilda Namanganga yaqin Toʻraqoʻrgʻon tumanida bogʻbon oilasida tugʻilgan Ibrat oʻzidan buyuk nom qoldirdi. Koʻplab kitoblar yozdi, chop etdi. Bundan tashqari oʻqituvchi kadrlar tayyorlash, xotin-qizlarni ilm-maʼrifatga jalb etishda faol qatnashdi, oʻlkaga birinchi bosmaxonani olib kirdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tuman markazida salkam 2 gektar maydonda tashkil etilgan Isʼhoqxon Ibrat majmuasida buyuk shaxs xotirasiga ehtirom koʻrsatildi. Mehnat faxriylari, yoshlar, jamoatchilik vakillari uning haykali poyiga gullar qoʻyishdi. Tuman hokimi Zulayho Mahkamova tadbir avvalida Isʼhoqxon Ibrat hayoti haqida soʻzlab, hududda barcha sohalarda erishilayotgan yutuqlar aziz siymolar ruhi qoʻllab-quvvatlashi tufayli ekanligini eʼtirof etdi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Sodiq Sayxun, Ibratning avlodlaridan biri, Ibrat jamgʻarmasi raisi Ikromjon Sodiqov, mehnat faxriylari Burxonjon Nizomov, Mamadali Sattarovlar oʻz fikr-mulohazalari bilan ishtirok etishdi.

Ibrat nomli xorijiy tillarni oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internati oʻquvchilari shoir ijodi namunalarini turli tillarda oʻqishdi. Tuman madaniyat boʻlimi ijrochilari tomonidan kuy-qoʻshiqlar yangradi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Ibrat merosi-cheksiz ummon” loyihasi doirasida buklet va kitoblar tarqatildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер