Yaxshi insonlardan biri edi

18:14 03 Oktyabr 2025 Jamiyat
296 0

Hayotda shunday odamlar boʻladiki, ular tiriklik paytda ham, vafotidan keyin ham faqat ibratli xotiralar bilan eslanadi. Oilada, doʻstlar davrasida ularning oʻrni har daqiqa bilinib turadi. Ezgu ishlari, xulq-atvori, mahalla va ishxonadagi ijtimoiy faolligi hammaga oʻrnak qilib koʻrsatiladi. Tasavvur qiling, endi bunday inson MUALLIM boʻlsa-chi? Unda, uning hayolik davridagi yoshlar tarbiyasi, ilm-u maʼrifatiga qoʻshgan kamsuqum mehnatining qadr-qimmati karrasiga yuqori boʻladi. Azim Toshkentning Yunusobod tumani, 19-mavzesida yashab, umri yosh avlodga taʼlim-tarbiya berish bilan oʻtgan Barot Abulqosimov ham shunday kamtarin, zahmatli ayni damda sharafli kasb egalaridan biri edi.

Ustoz, oʻtgan asrning 70-yillari boshida Samarqand davlat universiteti mexanika-matematika fakultetida tahsil olib, oʻz nazariy bilimini mamlakat poytaxtida amaliyotga tatbiq etish istagi bilan Toshkentga yoʻl oldi. U kishining tarjimayi holidagi bitiklarga koʻz yugurtirsak, 1952-yili, 2-avgust kuni, Jizzax viloyatining Gʻallaorol tumanida tavallud topganligini anglaymiz. Shu bois, u kishi bilan suhbatlashganingizda, feʼlida bolaligi qir-adirlar quchogʻida, qoʻychilik, chorvachilik bilan umrguzaronlik qilgan ota-bobolaridan meros — chapanilik, toʻgʻri soʻzlik, soddalik oʻz oʻrnida biroz qoʻrslik, bir soʻzlik xususiyatlari shundoq sezilib turardi. Balki, shu sifatlari tufayli mehnat jamoasidagi odamlar qalbidan mehr topgandir. Har qalay, u kishi Toshkentga keliboq, yaxshi xususiyatli xodimga aylandi. Dastlab, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Kibernetika ilmiy tekshirish institutida muhandislik lavozimida ish boshladi. 1979-yildan ilmiy xodim, 1980-97-yillarda esa katta muhandis lavozimida faoliyat koʻrsatdi.

—Oilamiz qishloqdagi katta roʻzgʻorlardan biri edi,-deya, bolaligini xotirlardi rahmatlik. — Ota-onam 5 qiz, 7 oʻgʻil jami 12 farzandni tarbiyalashardi. Men oilada 3-farzand edim. Onam rahmatlikdan erta ayrildik. Ona mehriga tashna boʻlib voyaga yetdim. Poyonsiz qir-adirlarda qoʻy-qoʻzi boqib, sigir-buzoq yetaklasam-da, qoʻlimdan kitob tushmasdi. Ilm-maʼrifatga boʻlgan mehrim meni shunday dargohlarda ishlashimga, mehribon, oqkoʻngil, ilmli doʻstlar orttirishimga sabab boʻldi.

Barot akadagi samimiylik, kamtarlik suhbatdoshini bevosita u kishiga bogʻlab qoʻyardi. Qotmadan kelgan, boʻychan bu muhandis-olim avvalo MUALLIM edi. Oʻzidagi ana shu fazilatli iqtidorni anglagan Barot Abulqosimov 1997-yili, oʻsha davrning dongʻi chiqqan bilim dargohi — Toshkent davlat texnika universiteti qoshidagi akademik S.Sirojiddinov nomidagi akademik-litseyiga matematika-informatika fani oʻqituvchisi boʻlib ishga joylashdi. U kishidan taʼlim olgan yoshlarning aksariyat koʻpchilik qismi hayotda oʻzining munosib oʻrnini topib, iqtidorli mutaxassis boʻlib yetishdi. Shogirdlari domlani talabchan va bir soʻzligini hali-hali hurmat va ehtirom bilan eslashadi. Oʻqituvchidagi aynan ana shu qattiqqoʻllik tufayli, litsey oʻquvchilari bu nozik va “gʻalati” fanni aʼlo darajada oʻzlashtirishga erishishardi. Barot akaning yoshlarga bergan saboqlari taʼlimning keyingi bosqichlari — bakalavriat va magistraturada ham qoʻl keldi. Bu fanni yaxshi oʻzlashtirganlar tanish-bilishsiz imtihonlardan yuqori bal toʻplashardi. Shunda, hamkasblari u kishiga repetitorlik qilishni ham maslahat berishdi. Biroq domla yoshlarni oliy taʼlim dargohiga faqat repetitorlik orqali munosib tayyorlash mumkin degan toʻxtamdan yiroq edi. “Xoʻsh ularning iqtidori, odobi-chi? Uni kim toʻgʻrilaydi?”-derdi rahmatlik. Shu bois, yoshlarga taʼlim berish jarayonida ularning ilmga chanqoqligi, kelajakka intiluvchanligi, kasbga iqtidoriga alohida eʼtibor qaratdi. Barot aka oʻzidagi bu talabchanlikni oilada bolalarga ikki hissa koʻproq qoʻllardi. Farzandlarini oʻqimishli, ishbilarmon, tadbirkor odamlar boʻlishini istardi. Shu tufayli ularni maktabda, litseyda yaxshi baholarga oʻqishini tarafdori edi. Bu borada juda qattiqqoʻl boʻlganidan farzandlari otaning eʼtiboridan qochib qutulolmasdi. Chunki, hamma bolalar ham matematika fanini xush koʻrishmasdi-da. Ogʻrimagan boshni ogʻritish kimga ham xush yoqadi deysiz. Lekin otaning qistovi bilan bolalar yaxshi bilim olishga, oliy maʼlumotli boʻlishga intilishdi.

Barot Abulqosimov 2005-yildan boshlab bir muddat Toshkentdagi Tashqi mehnat migratsiyasining oʻquv boʻlimini boshqardi. Keyinchalik, 2009-yildan yana sevimli kasbiga qaytib, 2016-yilgacha Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Oliy matematika fanidan dars berdi.

Domla mehnat nafaqasiga chiqqach ham yoshlarning taʼlim-tarbiya jarayonidan ajralmadi. Oilada, mahallada, qarindosh-urugʻ oʻrtasida bilimni targʻib qilib, oʻnlab shogirdlar tayyorladi. El qatori oqsoqol boʻlib, muqaddas Umra ibodatini bajarish uchun tabarruk makonlar ziyoratiga otlandi. Buyurilgan amallarni sidqidil bajarib, mahalla-kuyda, yoru-birodarlar, nuroniy keksalar davrasida Barot hoji maqomiga erishdi.

Hoji aka bugun oilada, farzandlar, yaqin doʻstlar, qarindosh-urugʻlar davrasida oʻzining nurli siymosi, ibratli ishlari, xulq-atvori bilan tez-tez eslanadi. Nuroniy keksalar u kishining ibratli umridan mamnun ekanliklarini aytib, haqqiga xayrli duolar qilishadi. Zero, kechagi kasb bayrami — 1-oktyabr Oʻqituvchi va murabbiylar kuni ham hamkasblar davrasida hoji domlasiz nishonlangan boʻlsa-da, ustozning oʻrni, samimiy tabassumi, iliq suhbatlari yetishmayotgani shundoqqina sezilib turdi.

Oiladagi dasturxon toʻrida ham ustozning oʻrni boʻsh...

Yaxshilarni Robbimiz rahmat qilsin! Matematika-informatika fani bilimdoni Barot hoji Abulqosimov oramizdagi yaxshi insonlardan biri edi.

Shodiyor MUTAHAROV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер