Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborildi

13:08 16 Dekabr 2021 Jamiyat
685 0

Senatning yigirma ikkinchi yalpi majlisi doirasida eksport hajmining barqaror oʻsishini taʼminlash va uning nomenklaturasini diversifikatsiyalash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.

Ochiq va har tomonlama muhokama jarayonida ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish, mamlakatimiz korxonalari, kichik va oʻrta biznes subyektlarining eksport salohiyatini kengaytirish boʻyicha qulay shart-sharoitlar yaratish amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosatning eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekani alohida taʼkidlandi.

Tashqi savdo hajmlarining izchil oʻsishini taʼminlash va eksportni ragʻbatlantirishga qaratilgan tarkibiy oʻzgartirishlar tizimli asosda tatbiq etilmoqda. Xususan, valyuta siyosati liberallashtirilib, bir qator maʼmuriy va byurokratik toʻsiqlar bartaraf etildi. Eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlarining narxini belgilash va ularga haq toʻlashning bozor mexanizmi yoʻlga qoʻyildi, eksport qiluvchilar uchun qator soliq imtiyozlari va preferensiyalar joriy etildi.

Senatorlar taʼkidlaganidek, amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tashqi savdo hajmining barqaror oʻsish dinamikasi kuzatilyapti. 

Jumladan, 2017-yilda 26,5 mlrd AQSH dollarini, 2018-yilda 33,4 mlrd AQSH dollarini, 2019-yilda 41,7 mlrd AQSH dollarini, 2020-yilda 36,3 AQSH dollarini tashkil etgan. 2021-yilning yanvar-oktyabr oylarida bu koʻrsatkich 32,6 mlrd dollarni tashkil qilgan, shu jumladan eksportga 12,4 mlrd dollar, importga esa 20,2 mlrd dollar toʻgʻri kelgan.

Eksport qiluvchi korxonalar soni 5 400 taga yetib, soʻnggi toʻrt yilda 1 891 taga (35 %) oʻsdi, bu oʻz navbatida 561 mln dollarlik qoʻshimcha eksportni taʼminladi.

Mamlakatimiz eksport tarkibida xomashyo ulushi kamaydi. Jumladan, agar 2017-yilda xomashyo tovarlari jami eksport umumiy hajmining 25 foizini tashkil qilgan boʻlsa, 2020-yilga kelib bu koʻrsatkich 16 foizga qisqardi.

Eksport qilinadigan tovarlar nomenklaturasi 2021-yilga kelib 2 365 nomga yetdi. Shu bilan birga, Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida aniqlangan salbiy omillar Senat aʼzolarini jiddiy xavotirga soldi.

Xususan, normativ-huquqiy hujjatlarning tez-tez oʻzgarib turishi va ularning eksport qiluvchi korxonalar tomonidan tartibga solish taʼsirini toʻgʻri baholanmasdan turib qabul qilinishi ularning faoliyatida qiyinchiliklarga olib kelmoqda.

Eksport qiluvchilar tomonidan sugʻurta xizmatlaridan garov sifatida foydalanganda sugʻurta mukofotini qoplash, shuningdek, savdo uylarini ochish va saqlab turish, ofis, savdo va omborxonalarni ijaraga berish, xorijda reklama kampaniyalarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash mexanizmlari talab darajasida ishlamayotgani ham senatorlar tomonidan tanqid qilindi.

Muhokama chogʻida senatorlar mamlakatda xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan, mahalliy qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini tekshirish va sertifikatlash imkoniyatiga ega boʻlgan milliy laboratoriyalar mavjud emasligini tanqidiy qayd etdi.

Muhokama yakunlari boʻyicha Senatning Vazirlar Mahkamasiga tegishli parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?