Vatanparvarlik va Uchinchi Renessans

Vatan – bu inson va uning avlod-ajdodlari kindik qoni toʻkilgan muqaddas dargoh sanalib, insonda shu zaminga nisbatan vatanparvarlik tuygʻusini shakllantiradi. Shu maʼnoda, Uchinchi Renessans el-yurt, xalq voyaga yetgan, uning tili, tarixi, madaniyati, urf-odatlari, qadriyatlari shakllanib, oʻsib kamol topib boradigan zamindan boshlanadi. Vatan deganda, hamisha koʻz oʻngimizda oʻzimiz tugʻilib oʻsgan, taʼlim-tarbiya olib voyaga yetgan, necha-necha avlodu ajdodlarimiz yashab oʻtgan jonajon ona yurt gavdalanadi.
Birinchi Renessans davrining ulomalaridan Shayx Najmiddin Kubro haqiqiy vatanparvar, qahramon boʻlgani elimizga maʼlum. El-ulus, mamlakat boshiga ogʻir kunlar kelib turganida mamlakatni tashlab ketishni, jonini asrab qolishni oʻzi uchun nomus deb bildi. U qoʻliga qurol olib, jang maydonlarida ajnabiy moʻgʻul bosqinchilarga qarshi kurashda halok boʻldi. Ikkinchi Renessans davrida esa sohibqiron Amir Temur Vatanimiz dovrugʻini butun dunyoga tanitgani barchaga maʼlum.
Vatanparvarlik soʻzda emas, balki amaliy ishlarda, xatti-harakatlarimizda namoyon boʻlgandagina taraqqiyotning hal qiluvchi omiliga aylanadi. Yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessansning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, maʼnaviy asoslari mustahkamlanayotgan bir davrda vatanparvarlik eʼtiqodi har birimizning amaliy ishlarimizda, fuqarolarning kundalik faoliyatida namoyon boʻlishi katta ahamiyatga ega. Bunda har bir inson faoliyatida onglilik bilan fidoyilik birlashmogʻi zarur. Inson Vatanining, xalqning qadr-qimmatini, ahamiyatini ruhan anglab yetgandagina vatanparvarlik uning qalbidan chuqur oʻrin oladi.
Yangi Oʻzbekistonning Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlash hamda uning tadrijiy rivojlanishga vatanparvar shaxs sifatida hissa qoʻshish barcha vatandoshlarimizning ezgu orzu umidlaridan biriga aylanmogʻi kerak. Uzoq oʻtmishdan hozirgi davrgacha milliy tafakkurimiz negizida shakllanib kelgan, turli gʻoya va amaliy harakatlarda oʻz ifodasini topgan el-yurtimizning orzu-umidlari bugungi kunda Yangi Oʻzbekiston tushunchasida jamuljamdir.
Vatanparvarlik – shaxs maʼnaviyatining ajralmas qismidir. Yurt kelajagi, vatanimiz taraqqiyoti va xalqimizning ertangi kuni qanday boʻlishi farzandlarimiz va yoshlarimizning qay darajada vatanparvar ekanliklariga bogʻliq. Hozirgi kunda taʼlim muassasalarida vatanparvarlik tarbiyasini amalga oshirishga yagona ilmiy asoslangan yondashuvni ishlab chiqish kam sonli olimlar guruhining emas, balki butun boshli siyosiy-tadqiqot va fuqarolik jamiyati institutlarining ham muhim vazifasi hisoblanadi.
Yangi Oʻzbekiston – muqaddas Vatan, ota-bobolarimiz xoki yotgan yer. Farzandlarimizni shu zaminga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning qalblarida shu muborak zaminning har qarichiga mehru muhabbat uygʻotish bugungi kunning eng ustuvor fazilatlaridan biriga aylanayotgani hammamizni quvontiradi.
Otabek GʻAYBULLAYEV
Samarqand davlat chet tillar instituti
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor,
falsafa fanlari doktori, professor
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring