Vaqtinchalik choralar bilan kambagʻallikni yengib boʻlmaydi

12:36 18 Avgust 2020 Siyosat
875 0

Kambagʻallik bugun yoki kecha paydo boʻlgani yoʻq. Har qaysi zamonda, har qaysi mamlakatda boʻlganidek, Oʻzbekistonda ham kam taʼminlangan, ehtiyojmand aholi qatlami bor.

Esingizda boʻlsa, davlatimiz rahbari parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida mamlakatimizdagi kambagʻallik darajasi 12-15 foiz atrofida ekanini maʼlum qilgan edi. Bu 4-5 million aholi yetarli daromad manbaiga ega emasligini, ijtimoiy himoyaga muhtojligini bildiradi. Tahlillarga koʻra, ana shu yurtdoshlarimizning bir kunlik daromadi 10-15 ming soʻmdan oshmas ekan...

Kambagʻallik, uni kamaytirish haqida koʻp gapiryapmiz. Bu boradagi raqam va koʻrsatkichlarni har tomonlama tahlil etyapmiz, takliflar beryapmiz. Xoʻsh, kambagʻal aslida kim? Uni qaysi mezonlar asosida belgilaymiz?

Buning uchun birinchi navbatda kambagʻallik tushunchasi, uni aniqlash mezonlarini belgilash, yaʼni “isteʼmol savatchasi” va “yashash minimumi” haqida alohida qonun qabul qilinishi zarurligi koʻp aytildi. Kerakli qonun qabul qilinmasdan, kuchga kirmasdan turib, kambagʻallikni qisqartirish dasturlarini samarali amalga oshirib boʻlmaydi. Katta mablagʻ, harakat, vaqt zoye ketishi mumkin. Qaysi oila nima uchun qiyin vaziyatda? Kimga qanday yordam koʻrsatish kerak? Bu savollarga asoslangan javobni bilmasdan kambagʻallikni qisqartirish oson boʻlmaydi.

Toʻgʻri, kambagʻallikni kamaytirish choralari ishlab chiqildi, “Temir daftar” yuritish tizimi joriy etildi. Lekin, biz bir narsani unutmaylikki, yashash minimumi miqdorini belgilamasdan turib, kambagʻallikni qisqartirishda toʻsiqlarga duch kelaveramiz. Barcha saʼy-harakatlar vaqt oʻtishi bilan maqsadsiz va samarasiz boʻlib qolish mumkin.

Parlament quyi palatasidagi fraksiyamiz “Yashash minimumi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi va konsepsiyasini ishlab chiqilib, hukumatga kiritildi. Deputatlar, partiya faollari va ekspertlardan iborat ishchi guruhi “isteʼmol savatchasi” va “yashash minimumi”ni belgilash boʻyicha xorijiy tajribani oʻrganish va tahlil qilish ishlarini amalga oshirmoqda.

Albatta, hozirgi pandemiya sharoitida bu boradagi munosabatlarni tartibga solishga bir qator qiyinchiliklar paydo boʻlishi aniq. Iqtisodiy tomondan murakkab boʻlgan bugungi vaziyatda ushbu meʼyorni roʻyobga chiqarish oson jarayon emas. Ammo boshqa muqobil yoʻl yoʻq. Yaʼni, “Yashash minimumi toʻgʻrisida” qonun qabul qilish masalasini har xil bahonalar bilan orqaga surishdan hech qanday naf chiqmaydi, deb oʻylayman.

Sherbek BOʻRONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер