“Vaksina haqida ajoyib yangilik”, “Covid-19” xavfliligiga shubha qilayotgan Shveysariya va boshqa muhim yangiliklar

01:06 16 Iyul 2020 Dunyo
5549 0

15-iyulda Xitoyning Uxan shahrida koronavirus aniqlanganiga 217, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya eʼlon qilinganligiga esa 127 kun boʻldi.

Coronavirus-monitor servisi maʼlumotlariga koʻra, dunyoda bu kasallikka chalinganlar soni 13,475,478 kishiga yetgan (oʻtgan bir kun ichida +223.486 odam xastalikni yuqtirib olgan), 7,846,021 bemor (+220 572) tuzalgan. Afsuski, 581.532 kishi (+6 136) esa ushbu infeksiya qurboniga aylandi.

Infeksiya bilan zararlanishning eng koʻp qismi AQSHda qayd etilgan — 3 545 077 kishi. Undan keyingi oʻrinlarni Braziliya (1,931,204) hamda Hindiston (937.487) egallab turibdi.

Koronavirusga qarshi vaksina

AQSH prezidenti Donald Tramp bugun «Tvitter»dagi sahifasida “Vaksina haqida ajoyib yangilik” deya yozdi. Ammo AQSH rahbari ushbu postini boshqa izohlamagan. Shunday boʻlsada, uning bu qaydlari koʻplab odamlarga umid va ishonch bergani, aniq.

Keyingi kunlarda koronavirusga qarshi vaksina yaratish borasida ayrim natijalarga erishilgani maʼlum qilindi. Xususan, Rossiyaning Sechenov universitetida oʻtkazilgan koronavirusga qarshi vaksinaning klinik sinovlarida ishtirok etgan koʻngillilar uning qanday taʼsir qilgani haqida soʻzlab berishdi.

Sinovlarda qatnashgan Anna Gutkinaning aytishicha, vaksina bilan emlanganidan keyingi dastlabki ikki kun davomida uning tana harorati 38 darajaga koʻtarilgan va qaltiroq tutgan. Bu holat paratsetamol yordamida bartaraf etilgan. Yana bir koʻngilli Georgiy Smirnovning soʻzlariga koʻra, u emlanganining birinchi kunida kechki payt boshi ogʻrigan, ertalab esa tana harorati 37,5 darajaga koʻtarilgan. U ham paratsetamol qabul qilganidan soʻng harorati tushgan.

Avvalroq Sechenov universiteti xodimlari vaksinaning xavfsiz ekanligi isbotlanganligini xabar qilgandi. Qayd etilishicha, vaksinaning birinchi partiyasi avgust oʻrtalarida tibbiyot muassasalariga yetkazib beriladi, sentyabrdan esa uni ommaviy ishlab chiqarish boshlanadi.

Isroilning Quddus universiteti olimlari qonda xolesterin miqdorini pasaytira oladigan mavjud dori “Covid-19”ni davolashda samarali boʻlishi mumkinligini aytishmoqda. Ularning soʻzlariga koʻra, infeksiya uglevodlarning odatiy erish jarayoniga qarshi chiqadi va natijada oʻpka hujayralarida koʻp miqdordagi yogʻ toʻplanib qoladi, bu esa oʻz navbatida, virusning koʻpayishi uchun zarur sharoitni yaratib beradi. «Fenofibrat» dorisi esa oʻpka hujayralariga toʻplangan yogʻ qatlamlarini tezroq erishiga yordamlashib, “SARS-CoV-2”ning koʻpayish qobiliyatini pasaytiradi.

Amerikaning “Moderna” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan vaksina tadqiqotning ilk bosqichidagi barcha — 45 bemorda kuchli immunitet reaksiyasini keltirib chiqardi. Mutaxassislarning aytishicha, koʻngillilar 15 kishidan iborat uch guruhga boʻlingan. Sinov ishtirokchilariga 25, 100 va 250 mikrogram miqdordagi dozalar yuborilgan. Natijada barcha bemorlar organizmida antitanachalar ishlab chiqarilgan.

Koronavirus bilan bogʻliq tadqiqot oʻtkazgan shveysariyalik immunolog Beda Shtadler “Covid-19”, shunchaki, keng tarqalgan mavsumiy kasallik ekanligini, uning simptomlarsiz tashuvchilari mavjud emasligini maʼlum qildi. Aytishicha, bunday insonlarda faqat immunitet bor, xolos.

Ayrim davlatlar yana karantinga qaytmoqda

Koronavirus infeksiyasining yangi holatlari koʻpaygani bois baʼzi mamlakatlar maqsadli karantin choralarini joriy etishga qaror qildi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti avvalroq koʻplab mamlakatlarda vaziyat yomonlashayotganini haqida maʼlum qilgan edi.

Xususan,

* AQSHning Kaliforniya shtatida barcha restoran, bar, tungi klub, hayvonot bogʻlari hamda muzeylar yopildi.

* Hindistonning Bangalor shahri hukumati bir haftalik karantin joriy etdi.

* Eron poytaxti Tehronda ham karantin yetti kunga uzaytirildi. Universitetlar, maktablar, seminarlar, kutubxonalar, goʻzallik salonlari, masjidlar, kinoteatrlar, teatrlar hamda muzeylar faoliyati taqiqlandi. Barcha madaniy, koʻngilochar va diniy tadbirlar vaqtincha bekor qilindi.

* Gonkongda aholidan ijtimoiy masofaga rioya qilish talab etilmoqda. Ochilishdan bir oy oʻtgach, hududdagi “Disneyland” yana yopildi.

* Marokashning Tanjer shahrida ham karantin joriy etildi.

* Janubiy Afrikada komendantlik soati oʻrnatildi.

* Kolumbiya poytaxti Bogotaning baʼzi hududlarida ikki haftalik karantin kuchga kirdi.

* Avstraliyaning Melburn shahri 5 million atrofidagi aholisi bilan olti haftalik karantinga olindi. Ushbu shahar joylashgan Viktoriya shtati esa qoʻshni Yangi Janubiy Uels hamda Janubiy Avstraliya bilan chegaralarni yopdi.

* Isroil hamda Gʻarbiy Sohilda baʼzi cheklovlar oʻrnatildi.

Doʻkonlarga kirish faqat niqoblar bilan...

Angliyada 24-iyuldan boshlab barcha doʻkonlarga niqob bilan kirish talab etiladi. Bu haqda Buyuk Britaniya sogʻliqni saqlash vaziri Mett Xenkok maʼlum qildi. Hokimiyat esa barcha jamoat joylarida niqob taqib yurishni tavsiya etmoqda.

Doʻkon xodimlari ushbu qoidaga rioya qilmagan mijozlarga xizmat koʻrsatishni rad etish huquqiga ega boʻlib, istisno holatlar faqat tibbiy sabablarga koʻra niqob taqa olmaydiganlar uchun amal qiladi. Qoidabuzarlar uchun 100 funt jarima belgilangan.

Olimlar esa kerakli amaliy choralar qoʻllanilmasa, koronavirus epidemiyasining ikkinchi toʻlqini yana 120 ming britaniyalikni hayotdan olib ketishi mumkinligi haqida ogohlantirishdi. Vaholanki, Buyuk Britaniyada 45 mingga yaqin kishi “Covid-19” dan vafot etgan boʻlib, bu Yevropadagi eng yuqori koʻrsatkichdir.

Qayd etilishicha, avgust oyida mart oyidan buyon tashriflar uchun yopilgan Londonning ayrim mashhur muzeylari yana ochiladi.

Prezident oʻzini yaxshi his qilmoqda

Bir hafta oldin koronavirus bilan kasallanganligi haqida xabar bergan Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru “Covid-19” uchun yangi sinov oʻtkazmoqchi. Bir necha bor pandemiya xavfini kamaytirgan Prezident oʻzini juda yaxshi his qilayotganini maʼlum qilmoqda.

Serbiya va Chernogoriya xavfsiz mamlakatlar roʻyxatdan chiqarilmoqda

Yevropa Ittifoqi Serbiya va Chernogoriya fuqarolarini cheklovsiz tashrif buyuradigan xavfsiz mamlakatlar roʻyxatidan chiqarib tashlamoqchi, deya xabar beradi “Reuters” oʻz manbalariga tayanib.

«Ushbu roʻyxat tavsiyaviy koʻrinishga ega boʻlib, yakuniy qarorni mamlakatlarning oʻzlari chiqarishadi. Serbiya va Chernogoriyani xavfsiz mamlakatlar roʻyxatdan chiqarish esa ushbu mamlakatlarda infeksiyaning yangi holati qayd etilgani bogʻliq», deyiladi “Reuters” xabarida.

Kuzatilayotgan yangi holatlar soni ushbu davlatlarga tashrif buyurishni xavfli deb hisoblash uchun yetarli emas degan qarorga kelingan Jazoir va Marokash esa xavfsiz davlatlar roʻyxatida qoldirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер