Vakant oʻrinlarga raqamli texnologiyalar orqali nomzodlar tanlanmoqda
Nukus shahrida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiali tomonidan 2023-yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani oʻtkazildi.
Tadbir avvalida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Axborot xizmati rahbari S. Zakirova soʻz olib, Agentlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va rahbar lavozimlariga munosib kadrlarni tayinlash boʻyicha yaratilgan tizim haqida gapirib oʻtdi.
Anjumanda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiali bosh inspektori K. Seitniyazov Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiali faoliyatida 2023-yildagi muhim koʻrsatgichlar yuzasidan taqdimot qildi.
Unda keltirilishicha, “vacancy.argos.uz” portalida eʼlon qilingan 1328 ta vakant lavozimlar uchun 29 mingga yaqin nomzodlardan hujjat kelib tushgan. Tanlov yakuniga yetgan 1231 ta vakant lavozimlarning 549 tasi, yaʼni 45 foizi malakali xodimlar bilan toʻldirildi. Qolgan 682 ta vakant lavozimlarga esa, qayta tanlov eʼlon qilindi.
— Milliy kadrlar zaxirasiga 75 nafar va salohiyatli kadrlar zaxirasiga 45 nafar nomzod kiritilib, ularning 21 nafari rahbar lavozimlariga tayinlandi, — deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiali rahbarining oʻrinbosari A. Reimbayev. — Faoliyatimiz davomida davlat xizmatchilarining bilim va malakalarini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Bu borada oʻtgan yilda 1 ming 659 nafar davlat fuqarolik xizmatchilarining bilim va koʻnikmalari oshirildi hamda shu yoʻnalishda 46 ta seminar-treninglar tashkil qilindi.

Shu bilan birga faoliyatimizni yanada samarali tashkil qilish maqsadida jamoatchilik orasida ijtimoiy soʻrovnomalar ham oʻtkazib kelinadi. Hisobot davrida 14 ta soʻrovnoma oʻtkazilgan boʻlsa, unda davlat fuqarolik xizmatchilari, oliy taʼlim bitiruvchilari, mahalla xodimlari hamda aholi vakillaridan jami 10 ming 865 nafar fuqarolar ishtirok qilib oʻzlarining fikrlarini bildirishgan. Albatta, bunda bildirilgan taklif va fikrlarni biz kelgusi faoliyatimizni takomillashtirishda inobatga olamiz. Bugungi anjumanda ham qilingan ishlar haqida axborot berish bilan birga ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ochiq muloqot qilib, ularning ham takliflarini tingladik. Eʼtiborlisi, vakant oʻrinlarga munosib kadrlarni tanlash borasida inson omilini kamaytirish va raqamli texnologiyalar orqali eng salohiyatli nomzodlarni tanlash imkonini yaratishga harakat qilmoqdamiz.
Tadbirda Agentlikning filiali tomonidan vazirlik va tashkilotlarda faoliyat koʻrsatuvchi xodimlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash yoʻnalishida ham oʻrganishlar oʻtkazilishi taʼkidlandi. Bu borada 44 ta oʻrganish hamda monitoringlar oʻtkazilib, natijasi yuzasidan 15 ta taqdimnoma va 11 ta ogohlantirish xati kiritilgani, 15 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgani keltirib oʻtildi.
Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
- Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining III yigʻilishi oʻz ishini boshladi
- Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi xodimlariga tabrik yoʻlladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring