Urugvayga qarshi oʻyinda Oʻzbekistonning imkoniyatlari qanday?

10:31 13 Oktyabr 2025 Sport
221 0

Arxiv foto

Bugun, 13-oktyabr kuni Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Malayziyada Urugvay terma jamoasiga qarshi oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazadi. Ushbu bahs oldidan ikki jamoaning imkoniyatlarini taqqoslab koʻramiz.

Umumiy koʻrsatkichlar

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ayni paytda FIFA reytingida 1453,31 ball jamgʻargan holda 54-oʻrinni egallab turibdi. Bu esa Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa Osiyoda 6-oʻrinda ekanligini bildiradi.

Urugvay terma jamoasi esa hozircha FIFA reytingida 1673,65 ball jamgʻargan. Bu esa jamoa ayni vaqtda 15-oʻrinda ekanini anglatadi. Oʻz navbatida bu Janubiy Amerika mintaqasida Braziliya, Argentina va Kolumbiyadan keyingi eng yaxshi natija hisoblanadi.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 2025-yilni juda yaxshi oʻtkazmoqda. Oq boʻrilar yil davomida 10 ta oʻyin oʻtkazishdi. Ulardan 6 tasida Eldor Shomurodov boshchiligidagi jamoa gʻalaba qozongan boʻlsa, 4 ta uchrashuv durang natija bilan yakunlangan.

Urugvay terma jamoasi esa 2025-yil davomida 7 ta oʻyin oʻtkazdi. Dominikan Respublikasi, Peru va Venesuela terma jamoalarini magʻlubiyatga uchratdi. Boliviya va Chili bilan durang oʻynadi. Paragvay va Argentinaga magʻlub boʻldi.

Murabbiylar

Oʻzbekiston milliy terma jamoasini italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro boshqarmoqda. Oltin toʻp sohibining Oq boʻrilar bosh murabbiyligidagi debyuti omadli chiqdi — jamoa Quvaytni 2:0 hisobida magʻlub etdi.

Endi esa Kannavaro va uning shtabini yanada qiyinroq sinov kutmoqda.

Urugvay terma jamoasini esa argentinalik mashhur mutaxassis Marselo Byelsa boshqarmoqda. U 1955-yil 21-iyul kuni Argentinaning Rosario shahrida tugʻilgan.

Byelsa 1975–1980-yillarda futbolchi sifatida faoliyat yuritgan. U bu davr mobaynida “Nyuells Old Boyz”, “Instituto” va “Arxentino de Rosario” klublarida toʻp surgan. Argentina olimpiya terma jamoasi tarkibida 4 ta oʻyinda maydonga tushgan.

Murabbiylik faoliyatiga katta eʼtibor qaratgan Byelsa 27 yoshida oʻzi toʻp surgan “Nyuells Old Boyz” klubida ish boshlagan.

1995–1996-yillarda Meksikaning “Atlas” va “Amerika” klublarida ishlagan. 1998-yilda ilk bor Yevropadan taklif olib, “Espanyol” klubini boshqargan. Oʻsha yili u Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlanib, 2004-yilgacha jamoani boshqardi.

2007-yilda esa uni Chili terma jamoasiga taklif qilishdi. U 4-yil davomida ushbu jamoani boshqardi va juda yaxshi natijalar koʻrsatdi.

2011-yildan keyin Byelsa Yevropada “Atletik Bilbao”, “Latsio”, “Lill”, “Olimpik Marsel” va “Lids Yunayted” klublarida ishladi. Uning rahbarligida “Lids Yunayted” 16-yillik tanaffusdan keyin Angliya Premyer-ligasiga qaytdi.

2023-yilda Byelsa Urugvay terma jamoasi bosh murabbiyligiga tayinlandi va hozirgacha ushbu lavozimda faoliyat yuritmoqda.

Futbolchilar

Oʻzbekiston milliy terma jamoasining asosiy ustuni legionerlardan iborat. Jamoa yetakchilari Angliya, Turkiya, Eron va BAA kabi mamlakatlarda toʻp surmoqda.

Urugvaylik futbolchilar esa dunyo boʻylab turli chempionatlarda faoliyat yuritmoqda. Jamoa safida quyidagi jahon yulduzlari bor:

• Federiko Valverde (“Real Madrid”)

• Manuel Ugarte (“Manchester Yunayted”)

• Ronald Arauxo (“Barselona”)

• Rodrigo Bentankur (“Tottenhem”)

• Matias Olivera (“Napoli”)

• Xose Mariya Ximenes (“Atletiko Madrid”)

“Transfermarkt” maʼlumotlariga koʻra, Urugvay terma jamoasida transfer narxi 1 million yevro yoki undan yuqori boʻlgan futbolchilar soni 160 nafarga yetgan. Narxi 10 million yevrodan yuqori boʻlgan futbolchilar esa 17 nafarni tashkil etadi.

Solishtirish uchun, ayni vaqtda “Transfermarkt” boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasida narxi 1 million yevrodan yuqori boʻlgan futbolchilar soni 15 nafar. Ular orasida faqat Abduqodir Husanovning bozor qiymati 10 million yevrodan oshib ketgan.

Sovrinlari

Jamoalarning shu vaqtgacha yutgan sovrinlariga nazar tashlasak, Urugvay yaqqol ustunlikka ega ekanini koʻrish mumkin.

Ushbu terma jamoa shu vaqtga qadar 2 bor Jahon chempionatida gʻolib boʻlgan, 2-marta Olimpiada oʻyinlari oltin medaliga sazovor boʻlgan. Shuningdek, Janubiy Amerika kubogi hisoblangan “Kopa Amerika” musobaqasini 15-marta qoʻlga kiritgan.

Bundan tashqari, Urugvay terma jamoasi “Lipton Kubogi”, “Nyuton Kubogi”, “Kopa Rio Branko”, “Kopa Artigas”, “Neru Kubogi” va shunga oʻxshash oʻnlab tijoriy turnirlarda ham bir necha bor chempionlikni qoʻlga kiritgan.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi esa bir martadan Osiyo oʻyinlari, “CAFA National Cup”, “Merdeka kubogi” va “Navroʻz kubogi” musobaqalarida gʻolib boʻlgan.

Oʻzaro oʻyinlar tarixi

Oʻzbekiston va Urugvay terma jamoalari shu vaqtga qadar ikki marta oʻzaro toʻqnash kelgan.

Dastlabki bahs 2018-yilda Montevideo shahrida boʻlib oʻtgan va unda maydon egalari 3:0 hisobida gʻalaba qozongan.

Ikkinchi uchrashuv esa bir yil oʻtib, Xitoyda tashkil etilgan “Chayna Kap” musobaqasi doirasida boʻlib oʻtgan. Bu bahsda ham Janubiy Amerika vakili 3:0 hisobida zafar quchgan.

Jamoalarning imkoniyatlari

Tan olish kerak, oʻyin oldidan Marselo Byelsa boshchiligidagi Urugvay terma jamoasi favorit sifatida qaraladi. Ammo bu futbol — unda har qanday natija boʻlishi mumkin.

Shu sababli, ushbu bahsda ham Fabio Kannavaro boshchiligidagi Oʻzbekiston milliy terma jamoasidan kutilmagan syurpriz va munosib oʻyin kutish mumkin.

“Oq boʻrilar” uchun bu nafaqat kuchli raqib bilan bellashuv, balki oʻz salohiyatini jahon darajasida namoyon etish imkoniyati ham boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?