Urgutda yangi podstansiya qurilmoqda

16:27 18 Mart 2025 Jamiyat
154 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Urgut tumanining Sariqtepa massivida qurilayotgan yangi podstansiya nafaqat “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi hududidagi ishlab chiqarish korxonalarini, balki tuman aholisini ham uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Loyihaning umumiy qiymati 25,5 million AQSH dollarini tashkil etib, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va Moliya vazirligi bilan hamkorlikda moliyalashtirilmoqda.

Ushbu loyiha va unga bogʻliq elektr tarmoqlari orqali “Urgut” EIZning “Mergancha” va “Sariqtepa” massivlarida joylashgan ishlab chiqarish korxonalariga uzluksiz elektr energiyasi yetkazib beriladi.

— Urgut tumanidagi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari yordamida Jomboy tumanidagi “Nazar” massivida qurilayotgan 2 ta 25 MVtli podstansiyalarni ham elektr energiyasi bilan taʼminlash imkoniyati yaratiladi, — deydi Samarqand milliy elektr tarmoqlari korxonasidan biriktirilgan masʼul xodim Qobiljon Eshqulov. — Natijada hududdagi 139 ta yirik ishlab chiqarish korxonalari elektr energiyasi bilan taʼminlanadi, bu esa 5 656,6 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish, 84,8 million AQSH dollarilik mahsulot eksport qilish va 9 586 yangi ish oʻrinlarini yaratish imkonini beradi.

Mazkur loyiha “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi infratuzilmasini yanada takomillashtirish va hududdagi sanoat ishlab chiqarish jarayonlarini barqaror rivojlantirishga qaratilgan. Shuningdek, energetika tizimidagi islohotlar doirasida aholini va tadbirkorlik subyektlarini ishonchli va uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadlari yoʻlidagi muhim qadam hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?