Uran ishlab chiqarish hajmini ikki barobarga oshirish choralari koʻrilmoqda

14:36 09 Dekabr 2022 Jamiyat
928 0

Foto: Xalq so‘zi

Mamlakatimiz uran xomashyosi ishlab chiqarish va uning zaxiralari boʻyicha dunyoda yetakchi davlatlar qatorida turadi. Mazkur strategik xomashyoni yer qaʼridan qazib olishda sulfat kislotasi bilan birga kislorod ham zarur boʻlib, «Navoiyuran» davlat korxonasida ishlab chiqarish hajmi ortgani sayin ushbu komponentlarga talab ham oshib bormoqda.

Shu bois korxonaning Geotexnologik koniga qarashli 7- va 5-LSQ oʻrtasida mobil kislorod ishlab chiqarish stansiyalari joylashtirildi.

— Bu esa ishlab chiqarish jarayonida xavfsizlikni taʼminlash va vaqtdan samarali foydalanish imkonini beradi, - deydi «Navoiyuran» DK matbuot xizmati xodimi Oʻtkir Oʻsarov. — Taʼkidlanganidek, ushbu unsur yer ostida uranni tanlab eritmaga oʻtkazishda asosiy oksidlovchi element hisoblanadi.

Mazkur stansiyalar Rossiya Federatsiyasining Sank-Peterburg shahrida ishlab chiqarilgan boʻlib, har bir konteyner soatiga 100 kub metr toza konsentratsiyali kislorod ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Taʼkidlash joiz, «Navoiyuran» DK alohida faoliyatini boshlaganidan buyon (ilgari NKMK tarkibida edi) birgina joriy yilning oʻzida «Burgʻulash uskunalarining ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish uchastkasi», 1-geotexnologik koni «Aulbek» uchastkasida Ishchilar qoʻrgʻonchasi kabi obyektlarni qurib, foydalanishga topshirdi. Shuningdek, Germaniya, Fransiya va Yaponiya kabi mamlakatlarning tarmoqda yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatdi.

Mazkur yangilanishlar Prezidentimizning joriy yil 14-iyuldagi «2022-2030-yillarda «Navoiyuran» davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorida belgilangan mavjud zaxiralarni kengaytirish va ishlab chiqarish hajmini ikki barobarga oshirish boʻyicha vazifalar ijrosini taʼminlashda mustahkam poydevor boʻlishi shubhasiz.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер