Turkiyada Oʻzbekiston maʼrifatparvarlari xotirasi yodga olindi

17:17 06 Oktyabr 2020 Dunyo
1551 0

Turkiya poytaxtida maʼrifatparvar jadidlarning yirik namoyondalaridan biri Abdulhamid Choʻlpon va uning zamondoshlari xotirasiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Anjumanda Turkiya Prezidentining bosh maslahatchisi Yalchin Topchu, parlament aʼzolari, turk ziyolilari vakillari ishtirok etdi.

Adabiy kechada Abdulhamid Choʻlpon, Abdulla Avloniy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xoʻjayev, Abdurauf Fitrat, Isʼhoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Ashurali Zohiriy, Xoʻja Muin va boshqa yuzlab buyuk siymolar milliy tiklanish harakatining birinchi saflarida boʻlgani taʼkidlandi. Ular milliy istiqlol, taraqqiyot va farovonlikka faqat maʼrifat, har tomonlama chuqur bilimlar, zamonaviy ilm va kasblarni oʻzlashtirish orqali erishish mumkin, deb hisoblagan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Abdulhamid Choʻlpon “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirlangan. Adib tavalludining 100-yilligi munosabati bilan Toshkentda Choʻlpon muzeyi ochildi, uning yodgorligi oʻrnatildi. Oʻzbekistonning eng yirik nashriyotlaridan biriga Choʻlpon nomi berilgan. Anjumanda siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan ajdodlarimiz, shu jumladan jadidlar hayoti va faoliyatini yana-da chuqur oʻrganish va ularning xotirasini abadiylashtirish toʻgʻrisidagi qaror loyihasi tayyorlanayotgani taʼkidlandi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqining mazmun-mohiyati haqida soʻzlab berildi.

Turkiya jamoatchiligi vakillari davlatimiz rahbarining Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bir guruh vatandoshlarni mukofotlash, shu jumladan, xalqimizning ozodligi va farovon hayotini taʼminlash yoʻlida fidokorlik koʻrsatib, milliy taʼlim va tarbiya tizimini yaratishga beqiyos hissa qoʻshgan Abdulla Avloniy, Mahmudxoʻja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonovni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi farmonlarini yuksak baholadi.

Anjumanda XX asr boshida ajdodlarimiz — jadid-maʼrifatchilar mamlakatda yangi Uygʻonish davrini amalga oshirishi mumkin boʻlgani taʼkidlandi. Xalqimizning chuqur bilimlarni egallagan, vatanparvar farzandlari oʻz hayotini milliy tiklanish gʻoyasiga bagʻishladi, barcha kuch va imkoniyatlarini mamlakatni zulmat va qoloqlikdan olib chiqishga yoʻnaltirdi. Afsuski, milliy tiklanish gʻoyasi oʻsha paytda xalqning erishib boʻlmas orzusi boʻlib qoldi.

Shu bilan birga jadidlarning ilmiy-maʼrifiy, adabiy va badiiy merosi bugungi kunda mamlakat oldiga qoʻyilgan strategik vazifa - Uchinchi Uygʻonish davrining poydevorini yaratishda katta ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Tadbir ishtirokchilari Oʻzbekistonda bugun turli sohalarda, shu jumladan, taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlar mamlakatning yangi Uygʻonish davrini shakllanishida muhim ustun boʻladi, kelajakdagi taraqqiyot uchun poydevor yaratadi, deya yakdil fikr bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер