Turkiy davlatlar tashkiloti: qarashlar mushtarakligi va umumiy kelajak sari

Bugungi kunda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) ulkan Yevrosiyo mintaqasining markaziy va muhim qismlarini birlashtiruvchi, tarixiy mushtaraklik va yangicha qarashlar ila kelajak tomon intilayotgan zamonaviy xalqaro tuzilma sifatida jahon hamjamiyatida oʻzining munosib oʻrniga ega boʻlib bormoqda. Aʼzo davlatlar faoliyatidagi barcha ustuvor yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni qamrab oluvchi va rivojlantirishga koʻmaklashuvchi ushbu tashkilot ayni paytda samarali hamkorlikning yorqin namunasiga aylandi. Tashkilotga aʼzo davlatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti 2024-yilda 2 trillion AQSH dollari atrofida boʻlgan boʻlsa, yaqin kelajakda uni 2,5 trillion AQSH dollariga yetkazish maqsad qilingan.
Turkiy davlatlar tashkilotining asosiy maqsadi — qardosh davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va koʻp qirrali aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, energetika, turizm, transport, madaniy-gumanitar sohalarda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishdan iborat.
Aʼzo davlatlar oʻz oldiga har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, oʻzaro munosabatlarni muhokama qilish va chuqurlashtirish uchun platforma yaratish, oʻzaro ishonch, doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash, shuningdek, mintaqada va butun dunyoda barqarorlik hamda xavfsizlikni taʼminlash vazifalarini qoʻygan. Shuningdek, tashkilotga aʼzo davlatlar umumiy manfaatlarga ega boʻlgan tashqi siyosat masalalari boʻyicha, jumladan, xalqaro tashkilotlar va forumlar doirasida kelishilgan pozitsiyalarni ishlab chiqishdan manfaatdor.
Mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikni barcha yoʻnalishlarda ragʻbatlantirish, savdo va investitsiyalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tovarlar, kapital, xizmatlar, texnologiyalarning erkin harakatlanishi va moliya-bank operatsiyalarini soddalashtirish, har tomonlama va muvozanatli iqtisodiy oʻsish, ijtimoiy va madaniy rivojlanishga yoʻnaltirilgan birgalikdagi saʼy-harakatlar muhim maqsadlardir.
Oʻzbekiston Respublikasi mazkur tashkilotga 2019-yilda qoʻshilgan boʻlsa-da, oʻtgan qisqa davr ichida Oʻzbekiston bir qator muhim taklif va tashabbuslar bilan, jumladan ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish, umumiy merosni asrab-avaylash va hamkorlikni rivojlantirish dasturlarini hayotga tatbiq etishda oʻzini namoyon etmoqda.
Mazkur tuzilma ilgari Turkiy davlatlar hamkorlik kengashi nomi bilan yuritilgan boʻlib, Oʻzbekiston Prezidenti taklifi bilan 2021-yil noyabrdan boshlab u Turkiy davlatlar tashkiloti nomini olgan edi.
2022-2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining Turkiy davlatlar tashkilotiga raisligi davrida tashkilot doirasida katta ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2022-yilning noyabr oyida “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida Samarqand sammiti oʻtkazildi.
Samarqand sammiti yakunlari boʻyicha “2022-2026-yillarga moʻljallangan Turkiy davlatlar tashkiloti strategiyasi”ning qabul qilinishi muhim voqea sifatida eʼtirof etildi. Ushbu hujjat turkiy mamlakatlarning “Turkiy nigoh – 2040” konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha birinchi yoʻl xaritasi boʻldi.
Joriy yilning 6-7-oktyabr kunlari Ozarbayjonning Gabala shahrida oʻtkazilgan tashkilotning navbatdagi sammiti ham juda samarali boʻldi, deb aytish mumkin.
Mazkur anjumanda ishtirok etgan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev turkiy dunyoning birdamligini mustahkamlash, jahon siyosati, iqtisodiyoti va gumanitar sohadagi rolini oshirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Jumladan:
— mintaqaviy va global xavfsizlik masalalari boʻyicha yondashuvlarni muvofiqlashtirish maqsadida Samarqandda TDT tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi qoʻshma uchrashuvini oʻtkazish;
— Strategik sheriklik, abadiy doʻstlik va qardoshlik toʻgʻrisidagi shartnomani tez fursatda qabul qilish va Turkiy davlatlar tashkilotini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish;
— Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik boʻyicha Doimiy kengashini tuzish va uning Loyiha ofisini Toshkentda joylashtirish;
— Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirib, Turkiy davlatlarning Sanoat alyansi, “Turkiy yashil yoʻlaklar“ tizimi va “Yashil transformatsiya“ konsorsiumini tashkil etish;
— Organik qishloq xoʻjaligi boʻyicha Ekspertlar guruhini tashkil etish va turkiy organik mahsulotlarning yagona brendini jahon bozoriga olib chiqish;
— Oʻrta koridorni rivojlantirish va uni Xitoy – Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli hamda Transafgʻon yoʻlagi loyihalari bilan bogʻlashni qoʻllab-quvvatlash, bojxona tartibotini raqamlashtirish va tariflarni optimallashtirish;
— Turkiy investitsiya jamgʻarmasi faoliyatini kengaytirish hamda xalqaro va milliy moliya institutlari bilan hamkorlik dasturini qabul qilish;
— Sunʼiy intellekt va kreativ iqtisodiyot boʻyicha “yoʻl xaritasi“ni qabul qilish va Turkiy dunyo xalqaro koʻrgazmasini Oʻzbekistonda oʻtkazish;
— Oʻzbekistonda qoʻshma tadqiqotlar va innovatsiyalar maydoniga aylanadigan Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etish;
— Ekstremistik va radikal mafkuraga qarshi kurashish boʻyicha harakatlar rejasi va yoshlarning ekologik savodxonligini oshirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar ishlab chiqish;
— 2026-yilda “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo maʼnaviy hayotida“ mavzusida xalqaro konferensiyani oʻtkazish.
Muxtasar aytganda, Turkiy davlatlar tashkilotining Gabala shahrida boʻlib oʻtgan sammiti Oʻzbekistonning tuzilma salohiyatini rivojlantirish va mustahkamlash boʻyicha yangi tashabbuslarini ilgari surish uchun muhim maydon boʻlib xizmat qildi. Sammit natijalari esa, shubhasiz, turkiy dunyoning umumiy farovonligi va taraqqiyoti yoʻlida oʻziga xos poydevor boʻladi.
RUSTAM RASHIDOV,
Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi,
Fan doktori (DSc), professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring