Tramp Nyu-York gubernatoriga kam gapirib, koʻp ishlashni maslahat berdi

00:12 18 Aprel 2020 Dunyo
981 0

AQSH prezidenti mamlakatda koronavirusga qarshi chora-tadbirlarni muhokama qilish uchun barcha shtatlar gubernatorlari bilan muloqot oʻtkazdi. Bu haqda Euronews manbasi xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, Oq uy rahbari COVID-19ga qarshi urushda mamlakat ikkinchi frontni ochganini va uni “yangi Amerikani ochamiz” deya nomlaganini maʼlum qilgan.

Oʻz navbatida har bir shtat gubernatoriga bugungi murakkab vaziyatga moslashish vakolatlari oʻzlarida qoldirilgan. Yaʼni qaysi hudud yopiq rejimda qolishni istasa, unga hech kim qarshilik qilmaydi. Agar biror shtat chegaralarini ochishni xohlasa, bunga ham imkoniyat beriladi. Faqat aholi tavsiyalarga rioya etsa bas.

Tramp oʻzaro suhbatda ana shular haqida gapirib oʻtgan.

Muloqotdan soʻng AQSH prezidenti bu boradagi fikrlarini Tvitter sahifasida bildirib oʻtdi. Xususan, bugungi kunda pandemiyaning ogʻir kunlarini boshdan oʻtkazayotgan Nyu-York shtatiga boshqa istalgan shtatga nisbatan koʻproq mablagʻ ajratilgani haqida yozgan. Oʻz navbatida u mazkur shtat gubernatori mana shunday mashaqqatli sharoitlarda oʻz vazifalarini bajarayotgan fuqarolarga biror marta ham minnatdorchilik bildirmaganini taʼkidlagan.

“Sizning raqamlaringiz unchalik yaxshi emas. Kam gapirib, koʻp ishlash kerak”, — degan AQSH prezidenti.

Oq uy rahbari bundan oldin AQSHda karantinni uch bosqichda olib tashlashni rejalashtirayotganini maʼlum qilgandi. Garchi cheklovlarni olib tashlash gubernatorlar vakolati boʻlsa-da, u bularni oʻz zimmasiga olishini maʼlum qilgandi.

“Qachondir kimdir AQSH prezidenti lavozimini egallasa, uning hokimiyati mutlaqdir”, — degan edi Tramp.

Nyuy-York shtati gubernatori Endryu Kuomo esa bunga shunga yarasha javob qaytargan edi: “Mamlakatimizda qirol yoʻq. Agar Tramp Nyuy-Yorkni gubernator irodasiga qarshi borib ochishni istasa, bu bir necha oʻn yillar davomidagi misli koʻrilmagan konstitutsiyaviy inqirozga olib keladi”.

Eslatib oʻtamiz, Nyu-Yorkda oʻtgan sutka davomida 630 bemor koronavirusdan vafot etdi. Hayotdan koʻz yumganlarning umumiy soni 11,5 ming nafarga yetdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер