Tramp Isroilning Eron rahnamosini oʻldirish rejasini blokladi

Foto: Anadolu via Getty Images
Isroil armiyasining Eronning yadroviy va harbiy obyektlariga qarshi yirik operatsiyasi vaqtida AQSH prezidenti Donald Tramp Isroilning Eron Islom Respublikasi oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyni yoʻq qilish rejasini bloklagan.
“Reuters” manbalariga koʻra, Isroil AQSHni Xomanaiyni yoʻq qilish imkoniyati haqida xabardor qilgan. Biroq Tramp, aftidan, AQSH fuqarolariga toʻgʻridan-toʻgʻri hujum qilinmaganini aytib, bu ssenariyni qoʻllab-quvvatlashdan bosh tortgan. Ayni paytda Ommaviy axborot vositalari Eron rahbariyati mamlakatdan favqulodda evakuatsiya qilinadigan taqdirda Rossiya bilan muzokaralar olib borayotgani haqida xabar bermoqda.
“AQSH prezidenti Donald Tramp soʻnggi kunlarda Isroilning Ali Xomanaiyni oʻldirish rejasiga “veto qoʻydi”, — dedi ikki amerikalik mulozim “Reuters” agentligiga.
“Eronliklar amerikalikni oʻldirib qoʻyishdimi? Yoʻq. Ular buni qilmaguncha, biz hatto siyosiy rahbariyat ortidan borish haqida gapirmayapmiz ham”, — deydi AQSH maʼmuriyatining yuqori martabali mulozimlaridan biri.
Manbalarning aytishicha, Isroil 13-iyunga oʻtar kechasi yadroviy dasturini toʻxtatish maqsadida Eronga yirik hujum uyushtirganidan beri AQSH rasmiylari Isroil rasmiylari bilan doimiy aloqada boʻlib kelgan. Ularning soʻzlariga koʻra, isroilliklar Eron yetakchisini oʻldirish imkoniyati borligini bildirgan, biroq Tramp bu rejadan voz kechgan.
Juma kuni Isroil “Arslon koʻtarilishi” operatsiyasini boshlaganidan soʻng, Tramp AQSH rasmiylari Isroilning Eronga zarbalari haqida oldindan ogohlantirganini aytdi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu Trampning “Fox News” telekanalidagi vetosiga shunday javob berdi: “Hech qachon sodir boʻlmagan suhbatlar haqida yolgʻon xabarlar juda koʻp va men bunga qoʻshila olmayman”.
“Ammo men sizga ayta olaman, menimcha, biz qilishimiz kerak boʻlgan ishni qilyapmiz, qilishimiz kerak boʻlgan ishni qilamiz. Va menimcha, AQSH oʻzi uchun nima yaxshi ekanini biladi”, — deya qoʻshimcha yahudiy davlati yetakchisi.
Netanyahuning taʼkidlashicha, Erondagi rejim oʻzgarishi Isroilning harbiy hujumlari natijasida yuzaga kelishi mumkin va yahudiy davlati Tehronning “ekzistensial tahdidini” bartaraf etish uchun qoʻlidan kelganini qiladi.
Isroil Milliy Xavfsizlik Kengashi rahbari Saxi Xanegbi Ali Xomanaiyni yoʻq qilish uchun “Tramp vetosi” qoʻyilgani haqidagi hisobotni “feyklar mamlakatidan feyk” deb atadi: “Biz soʻramaganmiz va soʻramayapmiz ham. Amerikaliklar oʻz manfaatlaridan kelib chiqib qaror qabul qilmoqdalar”.
“Kampaniyaning hozirgi maqsadi rejimni oʻzgartirish emas, balki Eronning yadroviy va raketa dasturlari — “bizni yoʻq qilish” qobiliyatini yoʻq qilishdir” — deydi “Reuters” agentligiga Isroilning yana bir harbiy mulozimi.
Ommaviy axborot vositalari xabarlariga koʻra, Isroilning Tehronga zarbalari boshlanganidan soʻng, Ali Xomanaiy va uning oilasi Afgʻoniston bilan chegara yaqinidagi bunkerga koʻchirilgan.
Eronning Rossiya bilan kelishuvi
Ayni paytda Eron parlamenti Rossiya bilan keng qamrovli strategik sheriklik shartnomasini tasdiqlagan. Eronning Rossiyadagi elchixonasining yakshanba kuni xabar berishicha, parlament spikeri Muhammad Bagʻir Gʻolibaf tasdiqlangan kelishuvni mamlakat prezidenti Masʼud Pezeshkiyonga yuborgan. Nihoyat, u Eron konstitutsiyasining Qoʻriqchilar kengashi tomonidan ham tasdiqlandi.
Bitim 17-yanvar kuni Pezeshkiyonning Moskvaga tashrifi chogʻida imzolangan. Uning shartlariga koʻra, tomonlar oʻzaro manfaatli barcha sohalardagi munosabatlarni chuqurlashtirish va kengaytirishga, xavfsizlik va mudofaa sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga, mintaqaviy va global miqyosdagi faoliyatni yaqindan muvofiqlashtirishga intiladi, bu esa uzoq muddatli har tomonlama strategik sheriklikka mos keladi.
Yakshanba kuni Londonda joylashgan “Iran International” telekanali oliy rahnamo Ali Xomanaiyning maʼmuriyati rahbari oʻrinbosari Ali Asgʻar Hijoziy “vaziyat yomonlashsa, oʻzi va oilasi uchun Erondan potensial chiqib ketishini taʼminlash uchun Rossiya rasmiylari bilan muzokaralar olib borilayotgani” haqida maʼlumot olganini xabar qildi. OAV maʼlumotlariga koʻra, Rossiyaning yuqori martabali mulozimi Hijoziyni vaziyat keskinlashsa, Moskva uni xavfsiz yoʻlak orqali evakuatsiya qilishni taʼminlashiga ishontirgan.
Telekanalning qoʻshimcha qilishicha, boshqa yuqori martabali Eron rasmiylari ham xuddi shunday takliflar olgan, “baʼzilari esa joʻnab ketish yoʻnalishlari haqida qaror qabul qilishgan”.
Netanyahu shanba kuni videomurojaatida Eron rahbarlari “sumkalarini yigʻishayotganini” aytgandi.
Qurbonlar soni ortib bormoqda
Shu yilning 13-iyundan beri Isroil va Eron oʻrtasida oʻzaro raketa va havo hujumlari davom etmoqda. Isroil Eronni yadroviy qurol yaratish arafasida turibdi, deb ayblab, harbiy operatsiya boshlanganini eʼlon qilgan.
Tehron esa bu daʼvolarni rad etgan holda, Isroil hududlariga raketalar bilan javob berdi. Ikki tomon oʻrtasidagi keskinlik nafaqat harbiy obyektlarga, balki tinch aholi yashaydigan hududlarga ham taʼsir koʻrsatmoqda.
Oqibatda Eronda halok boʻlayotgan fuqarolar soni ortib bormoqda. Eron Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy vakili Xuseyn Kermanpur maʼlum qilishicha, Isroilning Eron hududiga havo hujumlari oqibatida halok boʻlganlar soni 224 nafarga yetgan. Halok boʻlganlar orasida ayollar va bolalar ham bor.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Isroil zarbalari boshlangan — 13-iyun kunidan beri oʻtgan vaqt ichida 1277 nafar kishi shifoxonalarga yotqizilgan. Ularning 90 foizdan ortigʻi tinch aholi vakillari ekani aytilmoqda.
Qurbonlar orasida Eron qurolli kuchlarining bir qator yuqori lavozimli mulozimlari, olimlari ham bor. Xususan, Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi bosh qoʻmondoni Husayn Salomiy, Eron qurolli kuchlari qoʻmondoni oʻrinbosari – “Xatam-al-Anbiya” markaziy shtabi qoʻmondoni, general Gʻulom Ali Rashid, Aerokosmik kuchlari qoʻmondoni Ali Hojizoda, razvedka tashkiloti rahbari, brigada generali Muhammad Kozimiy va uning oʻrinbosari Hasan Muhageg, yadro dasturi ustida ish olib borayotgan olimlar – fizik Muhammad Mahdiy Tehronchi va atom energetikasi boʻyicha tashkilot rahbari Fariddun Abbos Davoniy halok boʻlgan.
Eronning Isroilga javob zarbalari natijasida 13 kishi halok boʻlgan, 200 dan ortiq kishi yaralangan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring