Tojikistondan olib kelingan 100 kilogrammdan ortiq giyohvandlik moddalari toʻxtatib qolindi

12:32 20 Dekabr 2025 Jamiyat
263 0

Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari, Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Tojikiston Respublikasidan Oʻzbekiston hududiga olib kirilgan yirik miqdordagi giyohvandlik moddalari musodara qilindi.

Samarqand viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Bulungʻur tumanida yashovchi, 1996 va 1997-yillarda tugʻilgan ikki nafar shaxs Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan 79 kg 358 gramm “opiy” giyohvandlik moddasini olib kirib, uni kelgusida sotish maqsadida xufiya joyga yashirib qoʻygani aniqlandi. Ushbu giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Tezkor tadbirlar davom ettirilib, 1996-yilda tugʻilgan qonunbuzarning koʻrsatmasi asosida muqaddam dala maydoniga yashirib qoʻyilgan 1 kg 953 gramm “metamfetamin” sintetik giyohvandlik moddasi ham musodara qilindi.

Boshqa bir holatda esa Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida yashovchi, 1994 va 1997-yillarda tugʻilgan ikki nafar shaxs hamda Tojikiston Respublikasining Tursunzoda tumanida istiqomat qiluvchi, 1997-yilda tugʻilgan Tojikiston fuqarosi davlat chegarasini noqonuniy kesib oʻtib, 30 kg 357 gramm “opiy” giyohvandlik moddasini Oʻzbekiston hududiga olib kirishga uringan vaqtda Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan qoʻlga olindi.

Aniqlanishicha, ushbu shaxslar tojikistonlik narkosavdogarga tegishli boʻlgan mazkur giyohvandlik moddalarini maʼlum pul mukofoti evaziga belgilangan manzilga yetkazib berishlari lozim boʻlgan.

Tezkor tadbirlar natijasida giyohvandlik vositalarining buyurtmachisi hisoblangan, Denov shahrida yashovchi, 1986-yilda tugʻilgan shaxs ham ushlandi.

Hozirda har ikki holat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) va 273-moddasi (giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchilarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?