Toshkentda yovvoyi hayvonlarning noqonuniy xalqaro savdosiga qarshi kurash masalasi muhokama qilindi

11:17 20 Iyul 2023 Jamiyat
407 0

19–20-iyul kunlari Toshkent shahrida “Noqonuniy xalqaro savdo obyekti boʻlgan yovvoyi hayvonlarni aniqlash. Uni bartaraf etishning qonuniy asoslari” mavzusida trening boʻlib oʻtdi.

Trening “Markaziy Osiyoda hayvonot dunyosi jinoyatlariga qarshi kurashish salohiyatini oshirish va ularga koʻmaklashish” xalqaro loyihasi doirasida tashkillashtirildi.

Oʻzbekiston Bojxona qoʻmitasining Respublika kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish markazida tashkil etilgan tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti vakillari, “EKOMAKTAB” ERM, xalqaro loyiha ekspertlari va boshqalar ishtirok etdi.

Ekologiya vazirligining Biologik xilma-xillikni saqlash siyosati boshqarmasi boshligʻi Abdurashid Sodiqov oʻz nutqida yovvoyi hayvonlar va oʻsimliklarning noqonuniy savdosi xalqaro jinoiy faoliyatning eng daromadli turlari orasida toʻrtinchi oʻrinda turishini, narkobiznes, odam savdosi va boshqalardan bir oz ortda qolganini taʼkidladi.

“Noqonuniy savdoni kamaytirish maqsadida Ekologiya vazirligi va Bojxona qoʻmitasi oʻrtasida oʻsimlik va hayvonot dunyosi obyektlarini eksport/import qilishga ruxsatnomalarni oʻtkazish, shuningdek oʻsimlik va hayvonot dunyosi obyektlarini noqonuniy olib kirish/eksport paytida qonunni buzgan shaxslarga nisbatan maʼlumotlarni toʻplash va tegishli xalqaro xizmatlarga yuborish uchun maʼlumotlar bazasiga kiritish hamda eng qattiq choralarni qoʻllash tizimlarini integratsiyalash masalasi koʻrib chiqilmoqda”, – dedi A.Sadiqov.

Tadbir davomida ishtirokchilar Oʻzbekiston qonunchiligi va xalqaro meʼyoriy hujjatlar (CITES) asosida yovvoyi hayvonlarni olib kirish/eksport qilish qoidalari, yovvoyi hayvonlar savdosi tahlili natijalari va yovvoyi hayvonlar turlarini aniqlash usullari bilan tanishtirildi. Shuningdek, trening doirasida yovvoyi hayvonlar turlarini, soxtalashtirilgan CITES sertifikatlarini aniqlash, jinoyat senariylari va huquqbuzarlarni qoʻlga olish jarayonlari bilan interaktiv tarzda amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi hamda ishtirokchilarga oʻquv kurslarini tamomlaganliklari toʻgʻrisidagi sertifikatlar berildi.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston 1997-yilda Oliy Majlis qaroriga muvofiq yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi toʻgʻrisidagi konvensiyaga (CITES) qoʻshilgan.

5600 ga yaqin hayvon va 30 000 oʻsimlik turlari CITES tomonidan muhofaza qilinadi, ularning har biri konvensiyaning uchta ilovasidan birida sanab oʻtilgan va ular uchun zarur boʻlgan himoya darajasiga muvofiq xalqaro savdo nazorat qilinadi.

Mamlakatimizda oʻsimlik va hayvonot dunyosi turlari bilan savdo qilish sohasidagi ekologik qonun hujjatlarini, shuningdek, yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi (CITES) sohasida litsenziyalash tartib-qoidalarini oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida litsenziyalash tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisida»gi qarori (2014-yil 20-oktyabr, 290-son) bilan tartibga solingan.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?