Toshkentda voyaga yetmagan qiz 9-qavatdan oʻzini tashlamoqchi boʻldi

15:29 23 Iyul 2025 Jamiyat
260 0

Toshkentning Yakkasaroy tumanida oʻsmir qiz koʻp qavatli uy tomidan oʻzini tashlamoqchi boʻldi. Ushbu holat toʻgʻrisida Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, qiz uyning tomi orqali ustunga turib, oʻzini pastga tashlamoqchi boʻlgan. Bu holatga guvoh boʻlgan fuqarolardan biri mahalla hududidagi “Tashvish tugmasi”ni bosib, Ichki ishlar organlari Qutqaruv xizmati navbatchilik qismini xabardor qilgan. Mahalla profilaktika inspektoriga ham xabar yetib borgan.

Zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan mahalla profilaktika inspektori tomga chiqqan va qiz bilan 30 daqiqa profilaktik suhbat olib borgan. Shu vaqtda pastda jamoat tartibini saqlash bilan shugʻullanayotgan ichki ishlar xodimlari ham vaziyatni nazorat qilgan.

Shundan soʻng, voyaga yetmagan qiz oʻzini tashlamoqchi boʻlganda, xodim uni ushlab qolgan.

“Voyaga yetmagan singlimizni 10−15 daqiqa davomida bor kuchim bilan ushlab turgan vaqtimda, u menga jiddiy qarshilik koʻrsatdi. Ammo oʻzimni qoʻlga olgan holatda uni ushlab turishga muvaffaq boʻldim”, degan profilaktika inspektori.

Qiz FVV xodimlari koʻmagida arqon orqali tomning xavfsiz qismiga chiqarib olingan hamda u bilan mutaxassislar tomonidan psixologik suhbatlar olib borilgan.

Avvalroq 7-iyul kuni Xorazm viloyatining Urganch shahrida 2 nafar voyaga yetmagan, 2009-yilda tugʻilgan S.D va 2010-yilda tugʻilgan B.S. koʻp qavatli uy binosi tomidan sakrab, oʻz joniga qasd qilgani toʻgʻrisida xabar qilgandik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?