Toshkentda “Turkiy dunyo ayol hunarmandlari” xalqaro koʻrgazmasi ochildi
2025-yil 21–25-aprel kunlari Toshkent shahridagi Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida “Turkiy dunyo ayol-hunarmandlari” xalqaro koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda. TURKSOY va Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur madaniy tadbir turkiy mamlakatlar oʻrtasidagi ijodiy aloqalarni mustahkamlash, anʼanaviy va zamonaviy sanʼat namunalarini ommalashtirishga xizmat qilmoqda.
Koʻrgazmaga Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Kamola Akilova kuratorlik qilmoqda. Loyihaning hammualliflaridan biri — sanʼatshunos Gulnora Eshmurodova.
Koʻrgazma gʻoyasi ilk bor 2023-yil aprel oyida Toshkentda oʻtkazilgan TURKSOYga aʼzo davlatlar rassomlari koʻrgazmasi doirasida shakllangan. Loyiha sayyor koʻrgazma formatida tashkil etilgan boʻlib, uning dastlabki tahriri 2024-yilda Bishkek shahrida muvaffaqiyatli oʻtkazilgan edi.
Koʻrgazmada Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Turkiya va Oʻzbekiston kabi davlatlardan kelgan rassom ayollarning asarlari namoyish etilmoqda. Ekspozitsiyada anʼanaviy hunarmandchilik turlari — gilam toʻqish, kashtachilik, namat bosish bilan birga, zamonaviy tasviriy sanʼatning turli yoʻnalishlarida yaratilgan asarlar ham oʻrin olgan.
Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, koʻrgazmaning maqsadi turkiy mamlakatlar sanʼatkor ayollari oʻrtasida ijodiy muloqot va hamkorlikni kuchaytirish, sanʼat orqali umuminsoniy va madaniy qadriyatlarni yoritishdan iborat. Tadbir doirasida maxsus katalog ham nashr etilgan.
Mazkur koʻrgazma nafaqat turkiy xalqlarning “genetik xotira”sini oʻzida mujassam etgan badiiy namunalar bilan tanishish, balki umumiy madaniy birlik va maʼnaviy yaqinlikni his qilish imkonini ham taqdim etmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Reuters: Asadning Moskvadagi tarafdorlari Suriyada qoʻzgʻolon rejalashtirmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring